Eron YeI elchilarini ogohlantirdi

Olam

image

Eron Tashqi ishlar vazirligi Tehrondagi Yevropa Ittifoqi davlatlari elchilarini vazirlikka chaqirdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bu chaqiriq Yevropa Ittifoqi Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini (KSIK) terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritganidan so‘ng yangragan. Eron tomoni bu qarorga nisbatan rasmiy norozilik bildirish niyatida ekanini ma’lum qilgan.

KSIK Eron Qurolli kuchlari tarkibidagi elita harbiy tuzilma bo‘lib, uning asosiy vazifasi rasmiy shaxslarni ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish hisoblanadi.

Elchilar 1 fevraldan boshlab vazirlikka chaqirila boshlagan. Eron TIV matbuot kotibi Ismoil Bag‘aiyning aytishicha, Yevropa Ittifoqining bu qaroriga javoban bir qator choralar ko‘rib chiqilgan, turli variantlar tayyorlanib, tegishli qaror qabul qiluvchi organlarga taqdim etilgan. Uning ta’kidlashicha, yaqin kunlarda Eron tomonidan YeIning “noqonuniy, asossiz va o‘ta xato qadami”ga nisbatan o‘zaro javob choralari aks etgan qaror qabul qilinadi.

Qolaversa, Eron parlamenti spikeri Muhammad-Boqir G‘olibaf Yevropa Ittifoqi qaroriga javoban Eron barcha Yevropa Ittifoqi Qurolli kuchlarini terrorchi tashkilotlar deb tan olganini bildirgan edi.

29 yanvar kuni Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi KSIK’ni rasman terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritganini e’lon qildi. U, shuningdek, “minglab fuqarolarini o‘ldirayotgan rejim o‘z halokati sari harakat qilmoqda”, deb bayonot berdi. Shu kuni Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi yangi sanksiyalarni ham tasdiqladi. Sanksiyalar ro‘yxatiga xavfsizlik va sud-huquq sohasidagi 15 nafar eronlik amaldor hamda olti yuridik shaxs kiritilgan. 

Yevropa Ittifoqining bu qarorlari 2025 yil dekabr oxiri va 2026 yil yanvar boshlarida Eronda bo‘lib o‘tgan ommaviy norozilik namoyishlari bilan bog‘liq. Ushbu noroziliklar mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat sabab boshlangan. Eron hukumati esa bu namoyishlarni AQSH va Isroil tomonidan uyushtirilgan deb baholagan. 16 yanvar holatiga ko‘ra, noroziliklar to‘xtagan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Evropa Ittifoqi KSIK

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing