Eron yadroviy qurol ustida ishlayotganiga dalil yo‘q – AQSH razvedkasi

Olam

image

AQSH Milliy razvedkasi senatorlarga Eronning yadroviy qurol yaratish ustida ishlayotgani haqida hech qanday dalil yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda kecha, 19 iyun kuni Demokratlar partiyasidan senator, Senat razvedka qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mark Uorner MSNBC telekanali efirida bayonot berdi.

Uorner joriy yilning mart oyida Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbardning “Eron bomba yaratishga doir hech qanday harakat qilmagan”, degan so‘zlarini eslatgan.

“Bu hafta, dushanba kuni bizga razvedka ma’lumotlarining o‘zgarmagani yana bir bor tasdiqlandi”, dedi senator.

Shuningdek, Mark Uorner mamlakat Prezidenti Donald Trampning Eron yadro quroli ishlab chiqayotgani haqidagi ijtimoiy tarmoqlardagi postlarini tanqid qilib, razvedka ma’lumotlarini inkor etayotganini aytgan.

“Tashqi siyosatni tvitlar orqali yuritish – bu tentaklik. Ammo bu odam aynan shunday yo‘l tutmoqda”, degan u.

Qayd etish joiz, joriy yilning 13 iyun kuni Isroil Eronning aynan yadroviy va mudofaa sanoatiga qarshi “Sherlar olami” nomli harbiy operatsiyani boshlagan edi. OAV xabarlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil hujumiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqmoqda, bu borada qaror yaqin 24-48 soat ichida qabul qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil SAXAL kuchlari Tehrondagi uranni boyitish sentrifugalarini ishlab chiqarish korxonalari va Erondagi raketa zavodlariga zarba bergandi. Operatsiyada Isroil harbiy-havo kuchlarining 50 ga yaqin samolyoti ishtirok etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron yadroviy qurol AQSh razvedkasi Mark Uorner

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing