Eron yadrochi olimning o‘limi tashkilotchilari shaxsini aniqladi
Olam
−
02 dekabr 2020
12985Eron razvedka xizmati yadrochi-fizik olim Muhsin Faxrizodaga suiqasd uyushtirganlarning shaxsini aniqladi. Bu haqda mamlakat Hukumatining rasmiy vakili Ali Rabiy ma’lum qildi.
“Eron Axborot vazirligi (razvedkaga rahbarlik qiladi – tahr.) Faxrizodaning o‘limiga aloqadaor odamlarning shaxsini aniqladi”, degan Rabiy.
U hodisaga doir surishtiruv ishlari olib borilayotganini, barcha tafsilotlar aniqlangach, javob choralari bo‘yicha qaror qabul qilinishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 noyabr kuni Eron yadro dasturi mualliflaridan biri bo‘lgan yadrochi olim Muhsin Faxrizod mamlakat poytaxti yaqinidagi Absard aholi punktida terrorchilar hujumi qurboni bo‘ldi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Isroilning yadrochi olim qotilligiga aloqadorligini e’lon qilib, xalqaro hamjamiyatni, xususan Yevropa Ittifoqini ikki tomonlama standartlar siyosatiga barham berishga va “davlat terrorizmi” harakatini qoralashga chaqirdi.
Eronda olimning o‘limi munosabati bilan 40 kunlik motam e’lon qilindi. Eron parlamenti esa mamlakatning yadro faoliyatini tiklash bo‘yicha loyihaning umumiy qoidalarini ma’qulladi.
Shuningdek, BMT Eronda mamlakatning yadro dasturi rahbarlaridan biri bo‘lgan fizik Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishi munosabati bilan dunyo mamlakatlariga murojaat qilib, ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.
LiveBarchasi