Eron yadro dasturi asoschilaridan biri o‘ldirildi

Olam

image

Eronning yadro dasturini ishlab chiqqan yuqori martabali yadrochi olim Muhsin Faxrizoda Tehron yaqinida hujum qurboni bo‘ldi. Bu haqda “Press TV” manbalariga asoslanib xabar berdi.

“Tasnim News” agentligi Faxrizoda Eron poytaxti yaqinidagi Absard aholi punktida terrorchilar hujumi qurboni bo‘lganini xabar qildi. Ta’kidlanishicha, hodisa joyida dastlab hudkush terrorchi o‘zini portlatgan, keyin boshqalar olimning avtomobilini o‘qqa tutgan.

Hujum natijasida bir necha kishi o‘lgan. Xususan, hujum vaqtida olimning oila a’zolari ham u bilan bo‘lgani taxmin qilinyapti.

Hodisaning qolgan tafsilotlari o‘rganilyapti. Eron Mudofaa vazirligi olimning halok bo‘lganini tasdiqlagan.

“Bugun terrorchilar Mudofaa vazirligi qoshidagi tadqiqotlar va innovatsiyalar markazi rahbari Muhsin Faxrizodaga hujum qildi. Tibbiyot xodimlari uni qutqara olmadi”, deyilgan xabarda.

Shu bilan birga Eronning atom energiyasi tashkiloti vakili Behruz Kamolvandi mamlakatda bu sohada ishlovchi barcha olimlar tirik ekanini ma’lum qilgan.

“Yadro sanoatida ishlovchi barcha olimlar sog‘lom”, degan u.

OAVdagi taxminlarga ko‘ra, eronlik olimning o‘ldirilishida Isroil razvedkasining qo‘li bor. U yahudiylar davlati Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va “Mossad” (Isroilning razvedka xizmati) rahbari Yosi Koenning Saudiya Arabistongi maxfiy ravishda tashrif buyurgani haqida xabarlar tarqalganidan bir necha kuni o‘tib halok bo‘ldi.

Ayni vaqtda Eronning Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) yuqori darajadagi harbiy shaylik holatiga keltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 yanvarida Eron tashqi siyosatining "me’mori", mintaqada katta obro‘ va mavqega ega shaxs IIPKning maxsus "Al-Quds" bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniy Bag‘dod aeroportida AQSHning havo hujumi natijasida o‘ldirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron

Baholaganlar

381

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing