Eron WhatsApp va Google Play’ni blokdan chiqardi
Olam
−
10:37
643Eronda WhatsApp va Google Play ilovalaridan foydalanishga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi. Bu haqda IRNA agentligi xabar berdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Eron kibermakon Oliy kengashi a’zolari bir ovozdan WhatsApp va Google Play kabi mashhur xorijiy platformalarga kirishga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash uchun ovoz bergan. Majlisda bloklash siyosatini qayta ko‘rib chiqish masalasi ko‘tarilgan va turli idoralarning fikrlari muhokama qilinganidan so‘ng mazkur qaror qabul qilingan.
Shuningdek, kengash a’zolari mahalliy platformalarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlaganlar.
Ma’lumot uchun, 2022 yil sentyabr oyida hijobni noto‘g‘ri kiyganlikda ayblanib, axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan 22 yoshli Mahsa Aminining o‘limi ortidan mamlakatda norozilik namoyishlari boshlanganidan keyin Eronda messenjer va ilovalar bloklangan edi. Shu bilan birga, Instagram ham bloklangan. 2014 yilda esa Eron Bosh prokuraturasi WhatsApp va Viber'ga kirishni bloklashni talab qilgan edi.
Shunday qilib, Eronda Facebook, X va YouTube bloklangan. Bu uch platforma mamlakatda 2009 yilda taqiqlangan edi. Shuningdek, TikTok va Telegram ham Eronda taqiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda milliy valyuta yangilanishi haqida xabar berilgandi. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon parlamentga milliy valyutani yangilash, ya’ni keskin qadrsizlanayotgan Eron riyoli o‘rniga tuman valyutasiga o‘tish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etdi.
Mohimbegim Ma’rufaliyeva
LiveBarchasi