Eron vitse-prezidenti Azmunni terma jamoaga qaytarishga chaqirdi
Sport
−
26 may 2073 2 daqiqa
Eronning qishloq hududlari va kam ta’minlangan mintaqalarni rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezidenti Abdulkarim Husaynzoda BAAning “Shabob Al-Ahli” jamoasida to‘p surayotgan Sardor Azmunni Eron milliy terma jamoasiga qaytarishga chaqirdi. Bu haqda Husaynzoda o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi.
Avvalroq, 2025 yil mart oyidan beri Eron terma jamoasi safida o‘ynamagan Azmun 2026 yildagi Jahon chempionati uchun kengaytirilgan tarkibga kiritilmagan edi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bu qarorga futbolchining BAA shayxlari bilan tushgan suratlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ayni shu hudud Eronga qarshi havo hujumlarini amalga oshirgani aytilmoqda.
Sardar Azmun o‘zining Instagram sahifasida Eron “uning qalbi va g‘ururi” bo‘lib qolishini ta’kidlab, milliy terma jamoaga Jahon chempionatida omad va sharaf tiladi.
“Vatan o‘z farzandlari o‘rtasidagi rishtalarni saqlab qolishi kerak. Eron nomini shaxsiy e’tirozlardan ustun qo‘yadigan har bir inson milliy boyligimizning bir qismi hisoblanadi. Sardar Azmunning bu rishtalarni namoyon etishga bo‘lgan harakati e’tiborsiz qolmasligi lozim. Imkon bo‘lsa, uni terma jamoaga qaytaramiz. Bu sport qarori emas, balki milliy birlik haqidagi xabar”, deb yozdi Husaynzoda ijtimoiy tarmoqda.
31 yoshli Sardar Azmun Eron terma jamoasi safida 91 ta o‘yinda maydonga tushib, 57 ta gol urgan.
Ma’lumot uchun, Jahon chempionati guruh bosqichida Eron terma jamoasi Inglvud shahrida Yangi Zelandiya (15 iyun) va Belgiya (21 iyun), so‘ngra esa, Sietlda Misr (26 iyun) terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Live
Barchasi