Eron va AQSH yana hujumlarni to‘xtatishga kelishdi – OAV
Olam
−
29 iyun 1999 2 daqiqa
AQSH va Eron Fors ko‘rfazidagi so‘nggi harbiy harakatlarni to‘xtatish hamda Hormuz bo‘g‘ozi yuzasidan yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni muhokama qilish uchun muzokaralarni qayta boshlashga kelishib oldi. Bu haqda kecha, 29 iyun kuni AQSH rasmiysiga tayanib, “Reuters” xabar qildi.
Manbaning aytishicha, tomonlar 17 iyun kuni imzolangan 14 banddan iborat anglashuv memorandumi doirasida texnik muzokaralarni davom ettiradi.
“Anglashuv memorandumining barcha bandlari bo‘yicha texnik muzokaralar davom etadi. Hozircha har ikki tomon harbiy harakatlarni to‘xtatadi va kemalar erkin harakatlanishi mumkin bo‘ladi”, degan AQSH rasmiysi.
Diplomatik muloqotlarning qayta tiklanishi Hormuz bo‘g‘ozida yuk kemasiga Eron snaryadi tegganidan keyin boshlangan bir necha kunlik o‘zaro zarbalar ortidan amalga oshmoqda. Bu voqeadan keyin AQSH ham, Eron ham bir-birini 17 iyunda erishilgan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzganlikda ayblagan.
29 iyun kuni ertalab Eron Quvayt va Bahrayndagi AQSH harbiy ob’ektlariga raketa va dronlar bilan hujum qilgan. Bu hujumlar AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron kelishuvga amal qilmasa, Islom Respublikasi “mavjud bo‘lmay qolishi” haqida ogohlantirganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgandi.
“Shunday payt kelishi mumkinki, biz endi oqilona yo‘l tuta olmaymiz va juda muvaffaqiyatli boshlagan ishimizni harbiy yo‘l bilan yakunlashga majbur bo‘lamiz. Agar shunday bo‘lsa, Eron Islom Respublikasi endi mavjud bo‘lmaydi”, deb yozgan u.
Shu bilan bir vaqtda Isroil Livan janubida “Hizbulloh” guruhiga tegishli yerosti infratuzilmasini yana nishonga olganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari Hormuz bo‘g‘ozida neft tashuvchi tankerga hujum qilinganidan bir necha soat o‘tib Eron hududiga yana zarba berganini ma’lum qilgan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust