Eron va AQSH “beshga besh format”da mahbuslarni almashtiradi

Olam

image

Bugun, 18 sentyabr kuni Eron va AQSH o‘rtasida mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanani Chafiy ma’lum qildi.

“Eronning Janubiy Koreyadagi [muzlatilgan] aktivlari bugun hukumat va xalqqa taqdim etiladi. Bugun mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tadi”, deydi Nosir Kanani Chafiy. 

Uning aniqlik kiritishicha, tomonlarning har biri besh nafar mahbusni ozod qiladi.

Kanani Chafiyga ko‘ra, AQSHda ozod etilgan Eron fuqarolaridan ikki nafari Respublikaga qaytadi, yana ikki nafari AQSHda qoladi, yana biri esa uchinchi davlatga ketadi. Buning evaziga Tehron Eron qamoqxonalarida saqlanayotgan besh nafar AQSH fuqarosini Amerikaga topshiradi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan oyda AQSH va Eron mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra,  Eron AQSH sanksiyalari ostida Janubiy Koreya banklarida muzlatib qo‘yilgan 6 milliard dollar mablag‘idan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Mazkur aktivlar blokdan chiqariladi va Qatarga o‘tkaziladi.  

15 sentyabr kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyn Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy bilan telefon orqali suhbatda Tehron Vashington bilan kelishuv shartlarini bajarishga tayyorligini ma’lum qilgan. O‘z navbatida, Qatar hukumati rahbari Eron aktivlarini amirlik banklariga o‘tkazish jarayoni kelasi hafta yakunlanishini aytgan. “Tasnim” agentligiga ko‘ra, mahbuslar almashinuvi Dohada Eron o‘z aktivlariga kirish huquqiga ega bo‘lgandan so‘ng amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda besh nafar AQSH fuqarosi (Siamak Namoziy, Emad Shargi, Morad Tahbaz va ismi oshkor qilinmagan yana ikki mahbus) Tehrondagi Evin qamoqxonasidan uy qamog‘iga o‘tkazilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing