Eron o‘z neftini Afg‘onistonga sotmoqchi
Olam
−
23 iyul 2022
6391“Tolibon” harakati nazorati ostidagi Afg‘oniston Moliya vazirligi Erondan 350 ming tonna neft sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolanganini e’lon qildi. Bu haqda “Aamaj News” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Afg‘oniston delegatsiyasi Tehronga tashrif buyurib, muzokaralar o‘tkazgan.
“Ushbu safar davomida Eron aksiyadorlik kompaniyasi bilan 350 ming tonna neft sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolandi va yaqin kunlarda uni Afg‘onistonga olib kirish jarayoni boshlanadi”, deyiladi xabarda.
Moliya vazirligining ta’kidlashicha, safar chog‘ida Afg‘oniston delegatsiyasi Eron rasmiylari bilan neft mahsulotlarini xarid qilish, sifati, narxi, tranziti hamda zarur qulayliklar bilan ta’minlash masalalarini muhokama qilgan.
Shuningdek, “Tolibon” va Eron rasmiylari hukumatlararo qo‘shma qo‘mita tuzish, neft quvurlarini qurishni davom ettirish, qo‘shma neftni qayta ishlash zavodlari qurish hamda uzoq muddatli shartnomalarni amalga oshirishga kelishib olgan.
OAV xabarlariga ko‘ra, oxirgi paytlarda Qobul bozorlarida neft mahsulotlari narxi sezilarli darajada oshgan. Ayni damda Afg‘oniston poytaxtida bir litr dizel yoqilg‘isi narxi 120 afg‘oni atrofida.
LiveBarchasi