Eron uranni yashirishga ulgurdi

Tahlil

AQSHning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalaridan so‘ng, Prezident Donald Tramp bu hujum juda muvaffaqiyatli o‘tganini aytdi. Bu hujumning eng asosiy 3 ta nishoni bo‘lib, ular ichidagi eng murakkab ob’ekt shubhasiz Fordoda joylashgan yerostidagi uranni boyitish zavodi edi. Rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, yettita AQSH harbiy samolyoti Fordodagi yadro ob’ektiga, shuningdek, Natanzdagi ob’ektlarga 13,6 tonna og‘irlikdagi bunkerbuzar bombalarni tashlagan. AQSH harbiy-dengiz floti suvosti kemasi esa uchinchi nishon – Isfahondagi ob’ektga yigirmadan ortiq qanotli raketa uchirgan.

Ammo bu bilan Eron yadro salohiyatining eng asosiy ustuni bo‘lgan yuqori darajada boyitilgan uran yo‘q qilindimi degan savol o‘rtaga chiqadi. Qizig‘i shundaki, Eronga berilgan zarbalardan ko‘p o‘tmay, Eron davlat televideniyesi siyosiy direktori o‘rinbosari Hasan Abedini ushbu uchta yadroviy ob’ektdagi zarur yadroviy materiallar AQSH zarbasidan oldin olib chiqib ketilganini ma’lum qildi. Xalqaro atom energiyasi agentligi ham 22 iyun kuni Eronning AQSH zarbalari oqibatida nishonga olingan uchta yadroviy ob’ektida radiatsiya darajasining ortishi kuzatilmaganini ma’lum qildi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Maxar Technologies sun’iy yo‘ldoshlardan olingan tasvirlarni taqdim qildi. Unda AQSHning Eronga qilgan hujumidan 2 kun oldin Fordo yadroviy inshootida atrofida to‘plangan qator yuk mashinalari aks ettirilgan. Bu esa Eron rasmiylarining u yerdan boyitilgan uran va boshqa materiallar allaqachon olib chiqib ketilgani haqidagi da’volarini birmuncha tasdiqlaydi. Ustiga-ustak, ko‘plab siyosiy doiralar, xususan, AQSH vitse-prezidentining o‘zi ham Eronning yadroviy salohiyati butkul yo‘q qilinganiga kafolat bermadi.

Tog‘ ostida 300 fut balandlikda joylashgan va beton qatlamlari bilan mustahkamlangan qal’aga o‘xshash Fordo inshooti Eron poytaxti Tehronning janubida joylashgan. Bu mamlakatning eng ilg‘or yadroviy maydoni. Shanba kuni Natanz va Isfaxondagi yadro inshootlari bilan bir qatorda Fordo AQSH havo hujumlari nishoniga aylandi. Tramp bosqinni Eronning asosiy boyituvchi ob’ektlarini “butunlay yo‘q qilgan” “ajoyib harbiy muvaffaqiyat” deb ta’rifladi. AQSH Prezidentining operatsiya natijasi haqidagi da’vosini mustaqil ravishda tasdiqlab bo‘lmadi.

Eron MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatmoqchi

AQSHning Eron yadroviy ob’ektlariga yo‘llagan zarbasidan so‘ng rasmiy Tehron o‘zining bu  boradagi siyosatini o‘zgartirish haqida jiddiy o‘ylamoqda. Ular ishni MAGATE bilan aloqalarni  uzishdan boshlashi mumkin. Xususan, Eron parlamenti spikeri Muhammadbag‘er G‘olibaf parlament Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan hamkorlikni to‘xtatishni rejalashtirayotgani  haqida ma’lum qildi.

“Biz parlamentda Eronning MAGATE bilan hamkorligini to‘xtatuvchi qonun loyihasini ishlab chiqmoqdamiz. Bu hamkorlik faqat MAGATE o‘z faoliyatida ob’ektiv va kasbiy tamoyillarga amal qilishiga aniq kafolatlar bo‘lgan taqdirdagina tiklanadi”, deydi G‘olibaf. 

Uning aytishicha, Eron hech qachon “tinchlikdan boshqa yo‘nalishda” yadro dasturi ishlab chiqishni rejalashtirmagan. Shunga qaramay, u MAGATE hech bir majburiyatini bajarmaganini va tashkilot “siyosiy bosim vositasiga aylanganini” ta’kidlagan. Eron atom energiyasi tashkiloti esa mamlakat yadroviy sanoatni rivojlantirishda davom etishini e’lon qildi. Avvalroq esa Eron Xalqaro atom energiyasi agentligini va boshqa tegishli xalqaro tashkilotlarni AQSHning bu jinoyatiga qarshi zudlik bilan keskin chora ko‘rishga chaqirib, mazkur ochiq tajovuzkorona harakat qarshisida sukut saqlash jahonni mislsiz va keng qamrovli xatarga duchor qilishidan ogohlantirgandi.

Ma’lumot o‘rnida shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, Trampning Eronga zarba yo‘llash to‘g‘risidagi buyrug‘idan bir necha kun oldin MAGATE ham AQSHning o‘z milliy razvedka agentligi ham Eron yadroviy qurol ishlab chiqmayotgani haqida ma’lum qilgandi. Ammo Tramp bu xulosalarning barchasiga tupurdi va bir yarim yildan buyon chaqaloqlar, bolalar, ayollar va qariyalarning qassobiga aylangan Netanyaxu boshlagan urushga butun Qo‘shma Shtatlarni ham tortdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron uran Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing