Eron TIV rahbari “Hizbulloh” yetakchisi bilan uchrashdi – OAV

Olam

image

Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Bayrutga tashrifi chog‘ida “Hizbulloh” yetakchisi Shayx Hasan Nasrulloh bilan uchrashdi. Bu haqda “Al Manar” telekanali xabar berdi.

Aytilishicha, muzokaralar chog‘ida Abdullohiyon va Nasrullo Falastin-Isroil mojaro zonasidagi vaziyatni muhokama qilgan. Shuningdek, ikki tomon HAMASning Isroilga hujumidan keyin qanday pozitsiyani egallashi kerakligi yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazgan. 

Vazir Abdullohiyon Eron boshqa islomiy davlatlar qatori Isroilning G‘azo xalqiga qarshi jinoyatlariga toqat qilmasligini va qarshilikka kuchli yordam berishda davom etishini aytgan. 

“Ertaga biz Iroq hukumati va Livan hukumati bilan G‘azodagi vaziyat va sionistik rejimning harbiy jinoyatlari bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettiramiz”, degan u.

Ma’lumot uchun, Eron Tashqi ishlar vaziri kecha, 12 oktyabr kuni Bayrutga yetib borgan. Vazirni aeroportda HAMAS va “Islomiy jihod” vakillari Ahmad Abdel Hodiy va Ehson Ataya kutib olgan. Shu kuni Abdullohiyon Bag‘dodga ham borib, u yerda Iroq Bosh vaziri Muhammad al-Sudaniy bilan muzokaralar o‘tkazgan. Suhbat chog‘ida Abdullohiyon Eron G‘azo sektoriga gumanitar yordam jo‘natish masalasida mintaqadagi bir qancha davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni davom ettirayotganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq TIV rahbari Eron Isroil harakatlari tufayli yangi front ochishi mumkinligini qayd etgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektoriga elektr va suv yetkazib berishni to‘xtatish urush jinoyati hisoblanadi va ikkinchi front ochilishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Falastin Isroil Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing