Eron sanksiyalar tiklanishini javobsiz qoldirmoqchi emas
Olam
−
29 Sentabr 3263 1 daqiqa
Tehron BMT sanksiyalarining qayta tiklanishi tufayli Eron xalqining manfaatlari va huquqlariga zarar yetkazishga qaratilgan har qanday urinishlarga javob qaytaradi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
“Diplomatiya va hamkorlik uchun zarur sharoit yaratish o‘rniga, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya hamda AQSH inqiroz yo‘lini tanladi. Ular bekor qilingan BMT rezolyutsiyalarini qayta tiklash orqali yangi bosim vositalariga ega bo‘lishiga ishonmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, Eron tomoni AQSH va Yevropa mamlakatlarining umidlari bir pulga aylanib, ular xohlagan natijaga erisholmasligini ta’kidlagan.
“Eron Islom Respublikasi milliy huquq va manfaatlarini qat’iyat bilan himoya qiladi va xalqimiz manfaatlariga zarar yetkazishga qaratilgan har qanday harakatga munosib va qat’iy javob qaytaradi”, deya qo‘shimcha qilinadi vazirlik bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Eron ustidan sanksiyalarni qayta joriy qilgani xabar qilingan edi. Yangi cheklovlar Eronning xorijdagi aktivlarini muzlatish, atom texnologiyalarini ishlab chiqishga taqiq qo‘yish va qurol yetkazib berishga cheklov qo‘yishni o‘z ichiga oladi.
Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Islom Respublikasini Eron yadroviy dasturini tartibga soluvchi qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganlikda aybladi. Rossiya va Xitoy esa Eron sanksiyalarini kechiktirishni taklif qilgan, biroq BMT Xavfsizlik Kengashi bu rezolyutsiya loyihasini rad etgan.
Live
Barchasi