Eron Rossiyaga uchuvchisiz qiruvchilar berganmi? BMTdan tekshiruv o‘tkazish talab qilinyapti
Olam
−
21 Oktabr 2022
5918Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi bir qator G‘arb davlatlari Ukrainaning murojaatini qo‘llab-quvvatlab, Eronni Ukraina hududida foydalanish uchun Rossiyaga uchuvchisiz samolyotlar yetkazib berishda Eronga qo‘yilgan ayblovlarni tekshirishga chaqirishdi. Bu haqda TASSga BMT Xavfsizlik kengashidagi manbalar ma’lum qildi.
Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, avvalroq Ukrainaning jahon tashkilotidagi doimiy vakolatxonasi tomonidan BMT kotibiyatiga shunday taklif bilan xat yuborilgan. Keyinchalik uni Eron yadroviy bitimining yevropalik ishtirokchilari – Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya qo‘llab-quvvatlagan, ular da’vo qilingan uchuvchisiz samolyotlar Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini belgilaydigan Xavfsizlik Kengashining 2231-rezolyutsiyasini buzishini ta’kidlamoqda. Qo‘shma Shtatlar avvalroq Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqqan, shuning uchun ular rasmiy ravishda so‘rovga qo‘shilmagan, lekin aslida ular ham uni qo‘llab-quvvatlamoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashi joriy yilning 19 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yopiq yig‘ilishda Eron tomonidan Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlarni topshirganiga oid ayblovlarni ko‘rib chiqdi. 21 oktyabr kuni BMT Xavfsizlik kengashining Ukraina bo‘yicha ochiq yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ukrainaning tashkilotdagi doimiy vakili Sergey Kislitsaga ko‘ra, yig‘ilishda dronlar mavzusi ham ko‘tariladi.
G‘arb davlatlarining pozitsiyasi shundan iboratki, 2231-rezolyutsiya Eronga ushbu mahsulotlar uchun Xavfsizlik Kengashining ruxsatini olmasdan, muayyan turdagi mahsulotlar bilan savdo qilishni taqiqlaydi. Uchuvchisiz usoqlar Xavfsizlik Kengashi tomonidan ilgari tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilmagan. Shu munosabat bilan G‘arb davlatlari BMT kotibiyati rezolyutsiyaning ehtimoliy buzilishini tekshirishi mumkin, deb hisoblaydi.
Rossiya va Eron dronlarni yetkazib berish haqidagi ayblovlarni qat’iyan rad etadi. Buni 19 oktyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashining yopiq yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ikki davlat diplomatlari takrorladi. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakilining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy ta’kidladiki, 2231-rezolyutsiya BMT Kotibiyatiga uning mumkin bo‘lgan buzilishi holatlarini tekshirish uchun mandat bermaydi. Polyanskiy shuningdek, agar kotibiyat shunga qaramay tergovda ishtirok etsa, Rossiya u bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishini aytdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti kotibiyati Ukrainada uchuvchisiz samolyotlardan foydalanish bilan bog‘liq BMT davlatlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar atrofida muhokamalar davom etayotganini aytdi, biroq tergov o‘tkazilmasligi haqida aniq javob bermadi.
LiveBarchasi