Eron Rossiyaga qo‘shimcha dronlar yetkazib berishni va’da qildi – OAV

Olam

image

Eron rasmiylari Moskvaga bir necha hafta oldin topshirilganiga qo‘shimcha ravishda “yerdan yerga” raketalari, shuningdek, boshqa dronlar partiyasini yetkazib berishga va’da berdi. Bu haqda “Reuters” o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. 

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, qurol-yarog‘ sotish va yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga ikki hafta avval Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va Milliy xavfsizlik oliy kengashi vakillari Moskvaga tashrif buyurganida erishilgan. 

Shu bilan birga, nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, sentabr oyida Tehron Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Eronning “Arash 2” uzoq masofali hujumchi uchuvchisiz uchoqlarini yetkazib berish haqidagi iltimosini rad etgan. Buning sababi haqida so‘ralganda, mansabdor shaxslardan biri bir nechta muammolarni, jumladan, “ba’zi texnik muammolar”ni keltirib o‘tgan. Bundan tashqari, Eron harbiylari agar Rossiya ushbu dronni Ukrainada ishlatsa, amerikaliklar Eron texnologiyasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishidan xavotirda. 

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida “The Washington Post” gazetasi Eron Ukrainadagi urush uchun dronlarning birinchi partiyasini Rossiyaga topshirgani haqida xabar bergan edi. Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya tomonidan Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun Eron “Shahed” kamikadze-dronlaridan foydalangani haqida bir necha bor xabar bergan. 

17 oktyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi kamikadze-dron hujumlari tufayli Eronni “Rossiyaning Ukrainaga qarshi jinoyatlarida sherik” deb atadi. 

Prezident Vladimir Zelenskiy G7 davlatlarining favqulodda yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Rossiya Tehrondan yana 4000 ta dron buyurtma qilganini aytdi. Shuning uchun u Kiyevga havo va raketa hujumiga qarshi mudofaa sohasida yordam so‘rab murojaat qildi. 

Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov “Obozrevatel” nashriga bergan intervyusida Rossiya Erondan 1750 dona hajmdagi dronlarning birinchi partiyasini buyurtma qilgani, keyin ishlab chiqarish va Rossiyaga yetkazib berish uchun vaqt talab qiladigan yangi buyurtmalar boshlangani haqida ma’lum qilgandi. 

“Ular asta-sekin ularni tugatmoqda, eronliklar yangilarini yasamoqda, ammo masalaning boshqa tomoni ham bor: biz barcha dronlarning taxminan 70 foizini doimiy ravishda urib tushiramiz”, deydi Budanov. 

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 18 oktyabr kuni Ukrainada Rossiya qo‘shinlari Eron dronlaridan foydalangani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

179

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing