Eron Rossiya o‘rniga Xitoydan qiruvchi samolyot sotib olmoqchi

Olam

image

Eron Isroil va AQSH bilan 12 kunlik urushda og‘ir yo‘qotishlarga uchragach, o‘z Harbiy-havo kuchlarini tezkor ravishda modernizatsiya qilish niyatida Chengdu J-10C rusumli ko‘p maqsadli Xitoy qiruvchi samolyotlariga qiziqishini kuchaytirdi. Bu haqda “Khorasan” nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Eron J-10C samolyotlariga qariyb 20 yildan beri qiziqish bildirib keladi. 2015 yilda 150 ta qiruvchi sotib olish bo‘yicha kelishuv tayyorgarlik bosqichiga kirgan, biroq kelishuv to‘xtab qolgan. O‘shanda Pekin to‘lovni xorijiy valyutada amalga oshirishni talab qilgan, Tehron esa valyuta tanqisligi sababli neft va gaz evaziga barter shaklida hisob-kitob qilishni taklif qilgan.

“Shuningdek, Eron Islom Respublikasiga nisbatan BMT qurol embargosi ham muammo tug‘dirardi. Bu cheklovlar 2020 yilda olib tashlanganidan so‘ng muzokaralar qayta boshlandi. O‘shanda samolyotlar soni 36 taga qisqargan bo‘lsa-da, to‘lov masalasi yana to‘siq bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

2025 yilgi “Military Balance” hisobotiga ko‘ra, Isroil bilan urushgacha Eron taxminan 150 ta qiruvchi samolyotga ega edi. Aksariyati hali Islom inqilobidan oldin AQSHdan sotib olingan eski modellar bo‘lgan: F-4 Phantom II (64 dona), F-5Ye/F Tiger II (35 dona) va F-14A Tomcat (41 dona). Bundan tashqari, 1980 yillar oxiri 1990 yillar boshida yetkazilgan 18 dona MiG-29A/UB ham mavjud, lekin ehtiyot qismlar yo‘qligi va texnik xizmat ko‘rsatishning murakkabligi sababli ularning ko‘pchiligi ishlamaydi.

Eron tomonidan eng so‘nggi sotib olingan xorijiy qiruvchilar – 2023 yilda sotib olingan to‘rtta Rossiya ishlab chiqargan Su-35 samolyoti edi. Umumiy buyurtma 50 dona bo‘lib, har birining narxi 100 million AQSH dollaridan oshadi. Biroq Ukrainadagi urush tufayli bu samolyotlarning yetkazib berilishi yaqin vaqt ichida kutilmayapti.

Ma’lumot uchun, J-10C – bu bitta dvigatelli ko‘p maqsadli qiruvchi bo‘lib, Xitoy uni g‘arbning F-16V va Gripen E samolyotlariga nisbatan arzonroq muqobil sifatida taqdim etadi. Uning bir donasi narxi 60 million dollardan (asosiy to‘plam) 90 million dollargacha (ehtiyot qismlar, qurol-aslaha, kafolat va uchuvchilar tayyorlash bilan) yetadi.

13 iyunda boshlangan va 12 kun davom etgan Yaqin Sharqdagi urush Isroilning Eron yadro inshootlariga – Fordo, Natanz va Isfaxon shaharlarida havo hujumlari bilan boshlandi va Isroilning F-35 va F-15 samolyotlari Eronning S-300 kabi Rossiyadan olingan havo mudofaa tizimlarini va radarlarini yo‘q qilib, Tehron osmonida hech qanday qarshiliksiz harakat qila oldi. 22 iyunda AQSH ham urushga qo‘shilib, B-2 Spirit bombardimonchilari va suv osti kemalari orqali zarbalar berdi. “Tasnim” ma’lumotiga ko‘ra, bu operatsiyalar oqibatida Eron Havo kuchlari o‘zining eski parkining 30 foizini yo‘qotgan, xususan, F-4 Phantom va F-14 Tomcat samolyotlarini. Ular 1970 yillarda shoh Muhammad Rizo Pahlaviy davrida xarid qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron Xitoy qiruvchi samolyot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing