Eron Putinning “ta’bini tirriq qiladigan” pozitsiyasini e’lon qildi

Olam

image

Eron Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi va Rossiya tomonidan Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojeda o‘tkazilgan bir tomonlama “referendum”larni tan olmaydi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanoni ma’lum qildi. Bu haqda IRNA agentligi xabar berdi.

Jurnalistlarning Ukrainaning Lugansk, Donetsk, Xerson va Zaporoje viloyatlarida o‘tkazilgan “referendum”lar va bu hududlarni Rossiya tarkibiga qo‘shish bo‘yicha Eronning pozitsiyasi haqidagi savollariga javob berar ekan, Nosir Kanoni Islom Respublikasi har doimgidek va o‘zining prinsipial pozitsiyalariga muvofiq xalqaro huquqning asosiy normasi sifatida barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligi tamoyilini to‘liq hurmat qilishi hamda BMT Nizomining tamoyillari va maqsadlarini hurmat qilish zarurligini ta’kidladi.

Tashqi ishlar vazirligi vakilining qo‘shimcha qilishicha, Eron Islom Respublikasi tinchlik, barqarorlik va osoyishtalik yo‘liga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday provokatsion harakatlardan qochish kerak, deb hisoblaydi.

Nosir Kanoni Eron Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha har qanday sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini va bu sa’y-harakatlarga doimo yordam berishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.

Qayd etish kerakki, Rossiya G‘arb davlatlari tomonidan sanksiyalarga ko‘mib tashlangan bir vaziyatda ko‘p yillardan beri turli iqtisodiy cheklovlardan aziyat chekadigan Eron rasmiy Moskvaning maslakdoshi, ittifoqchisi sifatida ko‘rilayotgandi. G‘arb davlatlari va Ukraina harbiylari ma’lumotlariga ko‘ra, hatto Eron Rossiyaga jangovar dronlar ham yetkazib bergan. Ammo shunga qaramay, Ukrainaning to‘rt viloyatidagi "referendum"larni tan olmadi.

Referendumlarni hozirgacha faqatgina dunyoning eng yopiq va totalitar davlati Koreya Xalq Demokratik Respublikasi qo‘llab chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, 23-27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXR hamda bosib olingan Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha bir tomonlama referendumlar” o‘tkazildi. Zaporoje viloyatida protokollarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, qo‘shilish tarafdori 93,11 foiz, Xerson viloyatida – 87,05 foiz, DXRda – 99,23 foiz, LXRda – 98,42 foiz.

Referendum natijalarini xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO kabi tuzilmalar tan olmadi va uni noqonuniy deb atadi.

30 sentyabr kuni esa Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

378

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing