Eron Prezidenti Turkiyaga borishni rejalashtiryapti
Olam
−
01 noyabr 2023
6979Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy tez orada Turkiyaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyonga tayanib, “Tasnim” agentligi xabar berdi.
“Tez orada chegara xavfsizligiga ko‘proq e’tibor qaratish uchun Oliy hamkorlik komissiyasining yig‘ilishini o‘tkazamiz”, degan Abdullohiyon Anqarada turkiyalik mavqedoshi Hoqon Fidan bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Raisiyning Turkiyaga tashrifiga ishora qilib.
Biroq vazir ushbu tashrif aynan qachon amalga oshirilishiga aniqlik kiritmagan.
Qayd etish joizki, joriy yilning 16 oktyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an eronlik mavqedoshi bilan telefon orqali Falastin-Isroil mojarosi va uning keskinligini yumshatish uchun ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralarni muhokama qilgan.
Ma’lumot uchun, Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon so‘nggi kunlarda Qatar va Turkiyada bo‘ldi. U dastlab Qatarda Amir shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Bosh vazir va Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy hamda HAMASning Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya bilan muzokaralar o‘tkazdi. Turkiyaga borgan Abdullohiyon Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an qabulida ham bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Abdullohiyon Tehron Anqara tomonidan taklif qilingan Falastin-Isroil mojarosini hal qilish uchun xavfsizlikka kafillik g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini aytgandi. Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Homanaiy esa G‘azo sektoridagi vaziyat fonida Isroilga neft va oziq-ovqat eksportini to‘xtatishga chaqirgandi.
LiveBarchasi