Eron Prezidenti Afrikaga yo‘l oldi
Olam
−
10 iyul 2023
4280Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bir qancha Afrika davlatlari rahbarlarining taklifiga binoan qit’adagi uchta mamlakatga bormoqchi. Bu haqda bugun, 10 iyul kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanani bayonot berdi.
“Bugun Eron Prezidenti bir qator davlat rahbarlarining rasmiy taklifiga binoan Afrika qit’asiga tashrif buyuradi. Eron va Afrika mamlakatlari umumiy strategik va madaniy qarashlarga ega ekanini inobatga olgan holda, umid qilamizki, ushbu safar davomida biz hamkorligimizni kengaytira olamiz”, degan Nosir Kanani.
Shuningdek, u Eron Prezidenti boradigan Afrika mamlakatlarini ham ochiqlagan. Kananiga ko‘ra, Raisiy Keniya, Zimbabve va Ugandaga tashrif buyuradi. Bu safar Eron va ushbu uch davlat o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikda yutuq yaratishiga umid qilinmoqda.
“Afrika imkoniyatlar qit’asidir. So‘nggi bir necha yil ichida Afrika iqtisodiyoti rivojlanib, ko‘plab davlatlarning e’tiborini tortmoqda. Afrika davlatlari Eron bilan aloqalarni rivojlantirishga, xususan, iqtisodiyot va texnologiya sohasidagi imkoniyatlarga jiddiy qiziqish bildirmoqda”, degan Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi.
Bundan tashqari, Kanani Ibrohim Raisiyning safari Eronga Afrika davlatlari bilan har tomonlama siyosiy, iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirishga yordam berishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning mart oyida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, may oyida esa Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Afrika bo‘ylab bir-necha malakatlarga borgan va ularning hukumati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
LiveBarchasi