Eron portlashlarda Isroil va AQSHni ayblamoqda
Olam
−
04 yanvar 2024 5132 2 daqiqa
Eron Prezidentining maslahatchisi Muhammad Jamshidiy Kirmon shahridagi yuzga yaqin odamning yostig‘ini quritgan va ikki yuzdan ortiq odam jarohat olgan portlashlarda Isroil va AQSHni aybladi. U bu haqda 3 yanvar, chorshanba kuni X (sobiq Twitter)dagi sahifasida yozdi.
“Vashington AQSH va Isroilning Kirmondagi teraktga aloqasi yo‘qligini aytyapti. To‘g‘rimi? Bilib oling, bu jinoyat uchun javobgarlik Amerika va sionistik rejim zimmasida, terrorizm esa faqat vositachidir”, deb yozgan u.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligining oxirgi ma’lumotlariga ko‘ra, portlashda 84 kishi halok bo‘lgan, 284 kishi yaralangan. Avvalroq IRNA axborot agentligi 103 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu ko‘rsatkichni oldinroq ba’zi qurbonlar ikki martadan noto‘g‘ri hisoblangani bilan izohladi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari Antoniu Guterrish Kirmondagi portlashlarni qoralab, aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi va halok bo‘lganlarning oila a’zolari, Eron Islom Respublikasi xalqi va hukumatiga chuqur hamdardlik bildirdi.
“Bosh kotib yaradorlarning tezroq tuzalib ketishini tilaydi”, degan Guterrishning matbuot kotibi.
Terakt Yevropa Ittifoqida ham qoralangan.
“Ushbu terroristik hujum tinch aholining o‘limi va jarohatlanishiga olib keldi. Biz qurbonlar va ularning oilalari bilan birgamiz. Aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak”, deyiladi Yevropa Ittifoqi bayonotida.
Bundan tashqari, Turkiya, Rossiya, Iordaniya, Livan, Pokiston, Ozarbayjon va boshqa davlatlar rasmiylari ham Eronga hamdardlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Metyu Miller Erondagi teraktlarda Amerika va Isroilni aloqasi yo‘qligini bildirib, bu ISHIDning qilmishiga "o‘xshayotgani"ni aytgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr