Eron parlamenti raisi Bayrutga samolyot boshqarib bordi
Olam
−
12 Oktabr
7597Eron Islomiy Kengash Majlisi raisi Muhammad Bag‘ir G‘olibaf Livanning Bayrut shahri g‘arbidagi bombardimon qilingan hududlariga bordi. U ushbu safari davomida o‘zi uchgan samolyotni uchuvchi sifatida boshqarib borgan. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Bag‘ir G‘olibaf bugun, 12 oktyabr kuni Livan va Bayrut shahriga safari davomida mamlakatning amaldagi hukumati Bosh vaziri Najib Mikati bilan uchrashgan. Shundan so‘ng, u Isroil tomonidan Bayrut g‘arbida bombardimon qilingan hududga, xususan, al-Bastaga tashrif buyurgan.
“Men bu hududda yashovchi odamlardan ularga nima bo‘lganini so‘radim va ular bu hudud sionistik rejim tomonidan bombardimon qilinganini aytdi. Bu yerda faqat oddiy musulmon livanliklar yashagan”, deydi Bag‘ir G‘olibaf.
U, shuningdek, bu sharoitda shubhasiz Eron Falastin va Livan xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, hududdagi mazlumlar va qochqinlarga yordam berish Eronning vazifasi ekanini ta’kidlagan.
“Shubhasiz, barcha Islom mamlakatlari sionistik rejimning bu jinoyatlarini qoralashi kerak”, deydi G‘olibaf.
Nashrga ko‘ra, G‘olibaf Livan rasmiylari bilan uchrashgandan so‘ng, Bayrutdan Jenevaga yo‘l oladi va xalqaro parlamentlararo yig‘ilish doirasida muhim uchrashuvlar o‘tkazadi.
“Nutqlar va uchrashuvlarda Isroil jinoyatlarini bayon qilish va qarshilik guruhlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi hamda Livan xalqiga nisbatan mazlumlik va qarshilik xabari butun dunyoga yetkaziladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 10 oktyabr kuni Bag‘ir G‘olibaf katta delegatsiya bilan Tojikistonga borgan edi. U o‘sha safarida ham o‘zi uchgan hukumat samolyotini boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi yuqori darajali rasmiy delegatsiya bilan birga Livan poytaxti Bayrutga borib, Livan rasmiylari bilan uchrashgan edi.
LiveBarchasi