Eron orbitaga harbiy sun’iy yo‘ldoshini olib chiqdi
Olam
−
06 dekabr
3312Eronning ikki bosqichli Semurg‘ raketasi bugun, 6 dekabr kuni ertalab mamlakat Mudofaa vazirligi ehtiyojlari uchun qurilgan “Faxr-1” sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqdi. Bu haqda “Tasnim” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, sun’iy yo‘ldoshning muvaffaqiyatli uchirilishi Imom Xomayniy kosmodromidan amalga oshirilgan. “Faxr-1” orbitaga “Saman-1” yuqori bosqichi bilan birga chiqarildi, uning vazifasi sun’iy yo‘ldoshlarni yuqori orbitaga o‘tkazishdan iborat.
Bildirilishicha, harbiy sun’iy yo‘ldoshning aksar komponentlari Eron kompaniyalari tomonidan loyihalashtirilgan va ishlab chiqarilgan. Shuningdek, uchirish Eron kosmik sanoati uchun foydali yuk bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi, bu safar u 300 kilogrammga yetdi. Davlat televideniyesining xabar berishicha, Saman-1 uzatish moduli CubeSat va tadqiqot yuki bilan birga “yuqori nuqtasi 410 km va pastki nuqtasi 300 km bo‘lgan elliptik orbitaga muvaffaqiyatli kiritilgan”.
Uchirish AQSH va Yevropa davlatlarining Eron Rossiyaga bir necha hafta ichida Ukraina bilan urushda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ballistik raketalarni uzatayotgani haqidagi da’volari fonida amalga oshirildi.
“Sakkizinchi marta uchirilganda, raketa Saman-1 orbital uzatish moslamasini va umumiy og‘irligi taxminan 300 kg bo‘lgan boshqa ikkita tadqiqot yukini muvaffaqiyatli yetkazib berish orqali yangi marraga erishdi va orbitaga chiqarilgan eng og‘ir yuk bo‘yicha yangi milliy rekordni o‘rnatdi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Eron kosmik dasturini 2004 yilda boshlagan. U 1959 yilda tuzilgan BMTning Kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish qo‘mitasining 24 ta asoschi davlatlaridan biri.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Eron birinchi marta “Semurg‘” raketasidan foydalangan holda bir vaqtning o‘zida uchta sun’iy yo‘ldoshni uchirgandi. Sentyabr oyida Eron “Chamran-1” tadqiqot sun’iy yo‘ldoshini “Qaem-100” raketasi yordamida 550 km balandlikdagi orbitaga olib chiqdi.
Diyorjon Quvondiqov
LiveBarchasi