Eron Oliy rahbari namoyishlarda AQSH va Isroilni aybladi

Olam

image

Eron Oliy rahbari Oyatulloh Sayyid Ali Xomanaiy mamlakatdagi namoyishlarda AQSH va Isroilni aybladi. Bu haqda “Tasnim” nashri ma’lum qildi.

“Tartibsizlik va xavfsizlik muammolarini yaratish AQSH va sionist Isroil rejimining loyihasidir. Bu loyihada xorijdan kelgan eronlik xoinlar ham ishtirok etmoqda”, deydi Xomanaiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb davlatlari Eronni tuzum muxoliflari qo‘lida parchalab tashlamoqchi.

“Eronga qarshi kuchlar Islom Respublikasi ichida “beshinchi kolonna”ni faollashtirish va tartibsizliklar keltirib chiqarishga harakat qilmoqda”, deydi u.

Shuningdek, u 22 yoshli Mahsa Aminining o‘limidan boshqa har qanday voqea ham provokatsiyalarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.

Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda.Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.

Amini o‘tgan hafta poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi. 

Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘tgan hafta hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

90

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing