Eron ko‘knori yetishtirishni qayta tiklamoqchi – FT

Olam

image

Eron og‘riq qoldiruvchi dorilar uchun xomashyo tanqisligi fonida qonuniy ravishda ko‘knori yetishtirishni qayta tiklamoqchi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati ko‘knori ekishni taqiqlaganidan so‘ng, Eron hayotiy muhim og‘riq qoldiruvchi vositalar ishlab chiqarish uchun xomashyo tanqisligiga duch kelgan. Endi mamlakat hukumati so‘nggi o‘n yilliklarda ilk bor qonuniy tarzda “opiy” ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Mahalliy farmatsevtika kompaniyalari yillar davomida Afg‘onistondan musodara qilingan preparatlardan foydalanib kelgan. Ammo 2022 yilda kiritilgan taqiqdan keyin ular deyarli qolmagan. Agar 2021 yilda 750 tonna shunday dori vositasi musodara qilingan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich atigi 200 tonnani tashkil etgan. Oqibatda morfin, kodein va boshqa dori vositalari ishlab chiqarish xavf ostida qolgan, bemorlarni davolash imkoni keskin kamaygan.

Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Muhammad Xoshimiy davlat o‘z ehtiyojlari uchun yetarli miqdorda ko‘knori ekishni, zarurat tug‘ilganda esa BMT nazorati ostida eksport qilishni ham rejalashtirayotganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “qonuniy ishlab chiqarish – uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashning yagona yo‘li.”

Narkotiklar bilan kurash bo‘yicha boshqarmaning sobiq rahbari Said Sefatian Eronning iqlimi ko‘knori uchun juda qulayligini, bu ekin kam suv talab qilishini ta’kidlagan. U mamlakat o‘z ehtiyojlarini to‘liq qondira olishi va BMT nazorati ostida boshqa davlatlarga ham yordam berishi mumkinligiga ishonch bildirgan.

Shu bilan birga, qo‘shni Pokistonda “Tolibon” taqiqi aks ta’sir ko‘rsatgan. Mamlakat noqonuniy “opiy” ishlab chiqarishda yetakchilardan biriga aylangan.

Ma’lumot uchun, Eron 1979 yilgi inqilobdan keyin ko‘knori yetishtirishni to‘xtatgan va shundan beri davlat asosan Afg‘oniston narkotiklari uchun tranzit hudud bo‘lib qolgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yil boshida “Tolibon” muvaqqat hukumati matbuot kotibi Zabihullo Mujohid mamlakatda narkotik ishlab chiqarish va uning noqonuniy savdosi nol darajaga yetkazilganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Eron ko'knori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing