Eron, Xitoy va Rossiya birgalikda harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini o‘tkazadi
Olam
−
06 fevral
7157Eron, Xitoy va Rossiya birgalikda harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Bu haqda kecha, 5 fevral kuni Eron harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni, kontr-admiral Shahram Eroniyga tayanib, “Tasnim” nashri xabar berdi.
“Biz boshqa mamlakatlarni mart oyi oxirigacha bo‘lib o‘tadigan harbiy-dengiz mashqlariga taklif qilamiz”, deydi qo‘mondon.
Shahram Eroniyga ko‘ra, bu mashg‘ulotlar mintaqada xavfsizlikni ta’minlashning umumiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning mart oyi boshlarida Rossiya, Xitoy va Eronning “Dengiz xavfsizligi kamari – 2023” deb nomlangan uch tomonlama mashg‘uloti bo‘lib o‘tgandi. Rossiya tomoni mashg‘ulot ishtirokchilari millatlararo harbiy kemalar otryadini shakllantirishni va turli qo‘shinlarda qo‘shma taktik manyovrlar va jangovar buyruqlarni mashq qilganini bildirgan. Bundan tashqari, ular kunduzi dengiz nishoniga artilleriyadan o‘q otib, tunda esa havo nishonlarini o‘qqa tutgan, shuningdek, bortida garovga olinganlar bo‘lgan kemani ozod qilish va dengizda halokatga uchragan kemaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, Yevropada fevraldan maygacha davom etadigan NATOning “Steadfast Defender – 2024” mashqlari boshlangandi. Ularda alyansning 31 ta a’zo davlati va Shvetsiya ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar ssenariysiga ko‘ra, Rossiya alyansga a’zo davlat hududiga hujum qiladi va NATO jamoaviy mudofaa shartnomasining 5-moddasini ishga tushiradi, ya’ni Rossiya va NATO kuchlari to‘qnashadi.
Ulkanbayeva Rayhona
LiveBarchasi