Eron Isroilga qarshi yangi front ochishi mumkin
Olam
−
13 Oktabr 2023
16606Eron Isroilga qarshi yangi front ochishi mumkin. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyn Bayrutga borganida “Al Mayadeen” televideniyesiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Isroil tomonidan falastinliklarga qarshi davom etayotgan tajovuz va urush jinoyatlari hamda G‘azo blokadasi nuqtai nazaridan, yahudiy davlatiga qarshi boshqa frontlar ochish imkoniyati mavjud”, deydi vazir.
Uning aytishicha, islom davlatlari Isroil sodir etayotgan jinoyatlarga toqat qilmasligi kerak. Eron vaziri tinch aholini suv va elektr energiyasidan mahrum qilish, shuningdek, G‘azoning turar-joylarini tinimsiz bombardimon qilishni “urush jinoyati” deb atadi.
“Eron Falastinning qarshilik ko‘rsatishini siyosiy va axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”, deya qo‘shimcha qilgan Abdullohiyn.
Uning ta’kidlashicha, Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasida Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy strategiyaning bir qismi sifatida kelishuv mavjud.
Ma’lumot uchun, Eron TIV rahbari Damashqqa ketayotib, Bayrutda to‘xtagan. Husayn Amir Abdullohiyn bugun, 13 oktyabr kuni u yerdan avtomobilda tog‘ dovonidan o‘tib, shosse bo‘ylab Suriya poytaxtiga boradi. Bungacha Eron diplomatiyasi rahbari Bag‘dodga tashrif buyurib, u yerda Iroq Bosh vaziri Muhammad al-Sudaniy bilan uchrashgandi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar Isroil havo hujumlarini to‘xtatish va G‘azo sektoridagi blokadani bekor qilishni talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Le Beck” Yaqin Sharq markazi ekspertlari Isroil beshta frontda jangga kirishi mumkinligini prognoz qilgandi. Kecha, 12 oktyabr kuni Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqotda Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro hududidagi vaziyatni muhokama qilgandi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken esa Isroilga tashrifi chog‘ida boshqa davlatlar yoki terrorchilar tomonidan Isroilga hujum qilingan taqdirda, AQSH uni himoya qilishini aytdi.
LiveBarchasi