Eron-Isroil urushi fonida o‘zbekistonliklar vazminlikka chaqirildi
Jamiyat
−
17 iyun
4897Ijtimoiy tarmoqlarda Eron va Isroil davlatlari o‘rtasida kuzatilayotgan ziddiyatli vaziyat atrofida turli munosabatlar bildirilmoqda. Ayrim foydalanuvchilar insonlarning muqaddas e’tiqodi bilan bog‘liq tuyg‘ulari bilan o‘ynashib, turli postlar va izohlar joylamoqda. Mazkur vaziyat yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov ham munosabat bildirdi.
Ma’lumki, mazkur mojaro yuzasidan O‘zbekiston rasmiy munosabat bildirgan. Tashqi ishlar vazirligi ikki tomonni to‘liq vazminlikka, harbiy harakatlarni darhol to‘xtatishga va nizoni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqirgan.
“O‘zbekiston ikki davlat bilan ham o‘zaro mustahkam diplomatik aloqalarga ega. Eron – Isroil mojarosi mamlakatimizning ham manfaatlariga javob bermaydi”, deydi TIV vakili.
Uning aytishicha, insonlarning halokatiga sabab bo‘luvchi mazkur ziddiyatli vaziyat yuzasidan munosabat bildirishda aholimiz vahimaga berilishi, ehtiros va his-hayajonlarga tayanib fikrlashi turgan gap.
Ahror Burhonov bu kabi holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligini eslatib o‘tgan:
- 1-eslatma: Sovuqqon, mulohazali va bag‘rikeng bo‘lish.
- 2-eslatma: Harbiy mojaroga din va e’tiqodlar to‘qnashuvi rakursida qaramaslik.
- 3-eslatma: Vazmin pozitsiyada bo‘lish.
- 4-eslatma: Tekshirilgan, ishonchli axborot manbalaridan foydalanish.
- 5-eslatma: Din, mazhab yoki e’tiqod asosida shaxsiy yoki umumiy xulosalar chiqarmaslik. Chunki bu jamiyatda bo‘linish, qarama-qarshilik va radikal kayfiyat shakllanishiga sabab bo‘ladi.
- 6-eslatma: Davlat organlari matbuot xizmatlari va boshqa rasmiy mutaxassislar fikrlarini kuzatish.
- 7-eslatma: Fikr bildirishda va axborot tarqatishda jamiyat barqarorligi va shaxsiy mas’uliyatni unutmaslik.
Eslatib o‘tamiz, Tashqi ishlar vazirligi ham Isroil va Eron o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar borasida O‘zbekiston fuqarolarini tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik va mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasini saqlashga chaqirgandi.
LiveBarchasi