Eron Gretsiyaning ikki tankerini qo‘lga oldi
Olam
−
28 may 2022
6818Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK, Eron Qurolli kuchlarining sara bo‘linmasi) kuchlari Fors ko‘rfazi suvlarida ikki yunon tankerini qo‘lga oldi. Bu haqda kecha, 27 may kuni IRNA agentligi tuzilma matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi Eronning ikki kemani qo‘lga olishini keskin qoraladi. Bu haqda TIV tarqatgan bayonotda aytiladi.
“Gretsiya Tashqi ishlar vaziri Nikos Dendiasning ko‘rsatmasi bilan TIV Bosh kotibi Femistoklis Demiris hozirgina Eronning Afinadagi elchisiga Fors ko‘rfazida Gretsiya bayrog‘i ostidagi ikkita kemaning zo‘rlik bilan tortib olinishi yuzasidan keskin norozilik bildirdi. Yuqoridagi harakatlar mohiyatan qaroqchilikka teng”, deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, Bosh kotib xalqaro huquq va xalqaro navigatsiyaning asosiy normalariga zid bo‘lgan bu xatti-harakatlarni keskin qoralagan.
“U kemalar va ularning ekipajlarini zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi. Shuningdek, u bu harakatlar ikki tomonlama munosabatlarga, shuningdek, YeI va Eron munosabatlariga ayniqsa salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi”, deyiladi TIV xabarida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha tongda Eron Harbiy-dengiz kuchlarining vertolyoti Fors ko‘rfazidagi xalqaro suvlarda (Eron qirg‘oqlaridan 22 dengiz mili uzoqlikda) bo‘lgan Gretsiya bayrog‘i ostidagi “Delta Poseidon” kemasiga qo‘ngan. Keyin qurollangan shaxslar kema ekipajini, jumladan ikki Gretsiya fuqarosini qo‘lga olgan. Shunga o‘xshash hodisa Eron qirg‘oqlari yaqinida suzib yurgan yetti nafar gretsiyalik bo‘lgan yana bir Gretsiya bayrog‘i ostidagi kemada sodir bo‘lgani xabar qilingan. Ushbu kemaning nomi keltirilmagan.
Tashqi ishlar vazirligi allaqachon Yevropa tashqi harakatlar xizmati, Xalqaro dengiz tashkiloti, shuningdek, Gretsiya ittifoqchilari va hamkorlarini xabardor qilgan.
“Yuqorida aytilganlarni hisobga olgan holda, Tashqi ishlar vazirligi Gretsiya fuqarolariga Eronga sayohat qilishdan bosh tortishni tavsiya qiladi. Gretsiya bayrog‘ini ko‘tarayotgan kemalar Gretsiya dengiz floti va orol siyosati vazirligining ko‘rsatmalariga rioya qilishga chaqiriladi”, deya xulosa qilgan vazirlik.
Bundan oldin “Nournews” Eron hukumati neft olib ketayotgan tankerini hibsga olgani uchun Gretsiyaga qarshi javob choralarini ko‘rishga qaror qilgani haqida xabar bergan edi.
Payshanba kuni Gretsiya dengiz va orol siyosati vazirligi matbuot xizmati TASS agentligining Afinadagi muxbiriga Rossiya bayrog‘i ostidagi Lana tankeri orqali olib o‘tilgan Eron neftini AQSHga berishga qaror qilingan haqida ma’lumot bergan. Tanker aprel oyi o‘rtalarida Gretsiyada qo‘lga olingan va u 115 ming tonna xomashyoni olib ketayotgan bo‘lgan.
LiveBarchasi