Qozog‘iston nefti ortilgan tankerlar Ukraina hujumiga uchradi
Olam
−
20 iyul 8927 3 daqiqa
Kecha, 19 iyul kuni Qora dengiz akvatoriyasidagi Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) dengiz terminalida yuklash operatsiyalari amalga oshirilayotgan vaqtda Qozog‘istonda qazib olingan neftni yuklayotgan ikkita tanker – ASIA va NISSOS IOS Ukraina dronlari hujumiga uchradi. Tankerlar bortida xalqaro ekipajlar bo‘lgan. Ushbu voqea yuzasidan Qozog‘iston Energetika hamda Tashqi ishlar vazirliklari bayonot berdi.
Qayd etilishicha, hujum oqibatida kemalarda yong‘in kelib chiqqan va u tezkorlik bilan o‘chirilgan. Qozog‘iston Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, kemalarga qilingan hujumlar oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Masofaviy prichal qurilmalari (VPU-1 va VPU-3) shikastlanmagan. Akvatoriyaga neft to‘kilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
“Hozirgi vaqtda hodisa oqibatlarini baholash yakunlangunga qadar terminalda neft yuklash vaqtincha to‘xtatildi. Neft jo‘natish qayta tiklanishi haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlar ishning borishiga qarab taqdim etiladi.
Qozog‘iston Respublikasi Energetika vazirligi muhim energetika infratuzilmasining sof fuqarolik ob’ektlariga nisbatan bunday hujumlarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmas deb hisoblaydi.
Xalqaro energetika infratuzilmasi ob’ektlariga har qanday kuch ishlatish global energetika xavfsizligiga xavf tug‘diradi, energiya resurslarining uzluksiz xalqaro savdosi mexanizmlarini buzadi va loyiha ishtirokchilarining iqtisodiy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazadi”, deyiladi Qozog‘iston Energetika vazirligi bayonotida.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ham dronlar hujumini keskin qoralagan.
“Bu kabi hujumlarni Qozog‘iston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan tajovuz, shuningdek, qonuniy xalqaro savdoni, jahon energiya bozorlarini va global transport-logistika ta’minot zanjirlari xavfsizligini beqarorlashtirishga qaratilgan maqsadli harakatlar deb baholaymiz.
KTK terminallarida neft yuklash maqsadida Qora dengiz akvatoriyasiga kiradigan fuqarolik kemalari to‘g‘risida ilgari barcha manfaatdor tomonlar tomonidan kelishilgan ma’lumot almashish mexanizmining qasddan e’tiborsiz qoldirilgani va bu fuqarolik kemalari ekipajlarining hayoti hamda xavfsizligini xavf ostiga qo‘ygani bizda alohida xavotir uyg‘otmoqda”, deyiladi TIV bayonotida.
Bayonotda qayd etilishicha, Qozog‘iston “hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishni va Qozog‘iston uglevodorod xomashyosi eksporti infratuzilmasi xavfsizligini ta’minlash uchun har tomonlama choralar ko‘rishni talab qiladi”.
“Sherik mamlakatlarni ushbu hujumlarni keskin qoralashga chaqiramiz va barcha manfaatdor tomonlarni amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqishga taklif etamiz. Biz faqat xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilishgina bu kabi hodisalar takrorlanishining oldini olishga imkon beradi, degan fikrdan kelib chiqamiz.
Hozirgi vaqtda Qozog‘iston Respublikasi yetkazilgan zararni har tomonlama baholash ishlarini olib bormoqda. Uning natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun xalqaro huquqda nazarda tutilgan barcha mexanizmlardan foydalanish, jumladan, yetkazilgan zararni qoplash talablarini ilgari surish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Qozog‘iston Respublikasi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etishning muqobili yo‘qligini ta’kidlaydi, xalqaro huquq tamoyillariga, kema qatnovi erkinligiga hamda xalqaro transport-logistika va energetika yo‘nalishlarining ishonchli faoliyat yuritishini ta’minlashga sodiqligini tasdiqlaydi”, deyiladi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bayonotining davomida.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning 13 yanvarida Qora dengizda dronlar Kaspiy quvur konsorsiumining dengiz terminali tomon harakatlanayotgan uchta Qozog‘iston tankeriga hujum qilgan edi. O‘shanda ham Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu masala yuzasidan bayonot bilan chiqqandi.
Live
Barchasi