Eron Fors ko‘rfazidagi bahsli orollar yaqinida harbiy mashg‘ulot boshladi
Olam
−
03 avgust 2023
3973Eron Qurolli kuchlarining elita bo‘linmalari tarkibidagi harbiy-dengiz kuchlari Fors ko‘rfazidagi Birlashgan Arab Amirliklari va Eron orasida egalik huquqi borasida bahsli bo‘lgan Abu Muso oroli yaqinida mashg‘ulotlarni boshladi. Bu haqda Eronning IRNA agentligi xabar berdi.
Aytilishicha, general Husayn Salamiy va boshqa yuqori martabali harbiy zobitlar mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun Abu Muso oroliga uchib ketgan. Ularning maqsadi “Fors ko‘rfazi va Eron orollarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha Eron Harbiy-dengiz kuchlarining vakolati va jangovar tayyorgarligini” namoyish etish ekani qayd etilgan.
Manbaga ko‘ra, harbiylar Tombe-Bozorg oroliga ham qo‘ngan. Mashg‘ulotlarda Eron harbiy-havo kuchlarining turli bo‘linmalari ishtirok etmoqda. Shuningdek, mashqlarda 600 km masofaga uchadigan raketalar bilan jihozlangan yangi kemalar ham qatnashgan.
“Tasnim” agentligi xabariga ko‘ra, ba’zi orollar, jumladan Abu Musoda 120 km va 300 km masofaga uchadigan “Fath” ballistik raketalari va “Qodir” qanotli raketalari joylashtirilgan. Bundan tashqari, mashg‘ulotlarga boshqaruvchisiz kemalar va uchuvchisiz samolyotlar ham jalb qilingan.
Ma’lumot uchun, Tombe-Bozorg, Tombe-Kuchek va Abu Muso orollari Fors ko‘rfazining strategik muhim mintaqasida joylashgan. BAA va Eron ularga egalik qilish uchun da’vo qiladi. 17 iyul kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanani Chafiy Tehron bu orollar maqomini qoralamoqchi emasligi, chunki, ularni o‘z hududi deb hisoblashini bildirgan.
LiveBarchasi