Eron dengizdagi kuchlarini ham takomillashtirmoqda
Olam
−
09 mart 2023
4874Bugun, 9 mart kuni ko‘p maqsadli “Shahid Mahdavi” harbiy kemasi Eron Qurolli kuchlarining elita bo‘linmasi – Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining harbiy-dengiz kuchlari xizmatiga topshirildi. Bu haqda Eronning ISNA axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kema suzuvchi baza bo‘lib, unda jangovar vertolyotlar, tezyurar katerlar hamda turli masofadagi “yer-yer” va “yer-havo” raketalarini uchirish moslamalari joylashgan.
Manbaga ko‘ra, kemani loyihalashtirish, qurish va jihozlash ishlarining hammasi Eronda amalga oshirilgan. Kemaning uzunligi 240 metrni, eni esa 27 metrni tashkil qiladi. Unda yuqori manyovrga ega “Ashura” va “Tarek” toifasidagi jangovar raketa katerlari, shuningdek, 10 kilometrdan 180 kilometrgacha ucha oladigan 99 ta raketa uchirish moslamalari, turli uchuvchisiz uchish apparatlari, zamonaviy raketaga qarshi mudofaa va radar tizimlari mavjud.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili katta hajmli neft tankeri bo‘lgan “Shahid Sulaymoniy” qayta qurilgan va vertolyot tashuvchisi sifatida Eron dengiz kuchlariga qo‘shilgan. Tezyurar qayiqlar bilan jihozlangan mazkur kemadan ham dengiz bazasi sifatida foydalanish ko‘zlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eronda 1650 km masofaga ucha oladigan qanotli raketa ishlab chiqilgani aytilgandi. Bundan tashqari, Eron o‘zining “Burgut 44” deb nomlangan birinchi yerosti havo kuchlari bazasini ochganini e’lon qilgan edi.
LiveBarchasi