Eron chegarachilari 250 dan ortiq afg‘onistonlikni otib tashlagani aytilmoqda
Olam
−
16 Oktabr
12946Joriy yilning 13 oktyabr kuni kechqurun Eron chegarachilari Saravan tumanidagi chegara o‘tkazish punkti yaqinida Pokistondan noqonuniy yo‘l bilan mamlakatga kirishga uringan afg‘onistonlik muhojirlarni o‘qqa tutib, ularni otib tashlagan. Oqibatda taxminan 260 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Eronning inson huquqlari tashkiloti Haalvsh’ga tayanib, “Ariana News” xabar berdi.
Haalvsh ma’lumotiga ko‘ra, otishma paytida omon qolgan ikki afg‘onistonlik taxminan 300 nafar muhojirdan iborat guruh chegara orqali o‘tishga uringanda, ularni Eron harbiylari o‘qqa tutganini ma’lum qilgan.
“13 oktyabr kuni kechqurun o‘nlab afg‘onistonliklar Eron Islom Respublikasi qurolli kuchlari tomonidan Kalgan-Saravan chegara hududida tuzoqqa tushib, ularga o‘q yog‘dirilgan. Oqibatda o‘nlab qochqinlar halok bo‘lgan va yaralangan”, deya bayonot bergan tashkilot.
Qayd etilishicha, ushbu xabarga sobiq Afg‘oniston bosh prokurori Muhammad Farid Hamidiy munosabat bildirib, BMT va xalqaro inson huquqlari tashkilotlarini ushbu hodisada aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirgan.
“Qo‘rqinchli hujum va himoyasiz qochqinlarni o‘ldirish insoniyatga qarshi og‘ir va g‘ayriinsoniy jinoyatdir”, dedi u.
Eron hukumati bu xabarlarga hali munosabat bildirmagan.
Ma’lumot uchun, Saravan tumani Eronning Siston viloyatida joylashgan bo‘lib, Pokistonning Balujiston viloyatidagi Panjgur tumani bilan chegaradosh hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron harbiylari mamlakatni muhojirlarning kirib kelishidan himoya qilish uchun Afg‘oniston bilan chegarada 10 kilometrdan ortiq masofada devor qurgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi