Eron BMT Bosh assambleyasida ovoz berish huquqidan mahrum bo‘ldi
Olam
−
03 iyun 2021
4496Eron va Markaziy Afrika Respublikasi BMT Bosh assambleyasida ovoz berish huquqidan tashkilotga to‘lanmagan qarzlari tufayli mahrum etildi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Bosh Assambleya 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkirga yozgan maktubiga asoslanib xabar berilgan.
“Ayni paytda tashkilotga a’zo beshta davlat BMT Nizomining 19-moddasi shartlariga muvofiq qarzdor”, deyilgan maktubda.
19-moddaga binoan, BMTga a’zo davlat qarzdorligi oxirgi 2 yilda to‘lanishi kerak bo‘lgan badal puliga teng bo‘lsa yoki undan oshib ketsa, Bosh Assambleyada ovoz berish huquqidan mahrum etiladi.
Shu bilan birga, to‘lovni kechiktirish mamlakatga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli sodir bo‘lganligi tan olinsa, Bosh Assambleya davlatga ovoz berishga ruxsat berishi mumkin.
Maktubda qarzdorlar ro‘yxatiga beshta davlat kiritilgan: MAR, Eron, Komor orollari, Somali, San-Tome va Prinsipi. Biroq, Eron va MARdan tashqari qolgan uchta davlat Bosh Assambleyaning 75-sessiyasi oxiriga qadar ovoz berish huquqini saqlab qolgan.
Guterrishning maktubidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz berish huquqini tiklash uchun Eron tashkilot byudjetiga 16 251 298 dollar, MAR esa 29 395 dollar to‘lashi kerak.
LiveBarchasi