Eron bir nechta shaharlarda raketa mashqlarini o‘tkazdi – OAV

Olam

image

Bugun, 22 dekabr kuni Eron bir nechta shaharlarda raketa mashqlarini o‘tkazdi. Bu so‘nggi bir oy ichida ikkinchi bor shunday mashg‘ulotlar o‘tkazilishi bo‘ldi. Bu haqda “Iran international” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 27 dekabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Trampga Eronning ballistik raketa dasturidagi har qanday kengayish tezkor choralar ko‘rishni talab qiluvchi jiddiy tahdid tug‘dirishi mumkinligi haqida ma’lumot berishi kutilmoqda.

G‘arb davlatlari Eronning ballistik raketa arsenalini Yaqin Sharq barqarorligiga an’anaviy harbiy tahdid, shuningdek, Tehron yadroviy qurol ishlab chiqargan taqdirda uni yetkazib berish vositasi sifatida baholaydi. Eron esa atom qurolini yaratish niyatini rad etib kelmoqda.

Eron jamoat teleradiokompaniyasi hamda yarim rasmiy “Nournews” telekanalining Telegram sahifalarida raketa uchirilishiga o‘xshash videolar e’lon qilingan. Biroq tasvirlarda uchirish joylari aniq ko‘rsatilmagan.

Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, raketalar poytaxt Tehron, Isfahon va Mashhad shaharlaridan uchirilgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, bugun, 22 dekabr kuni davlat OAV xabardor manbalarga tayanib, raketalar sinovdan o‘tkazilganini inkor etgan va tarqatilgan tasvirlar “balandlikda uchayotgan samolyotlar” ekanini ma’lum qilgan. Qarama-qarshi xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berilmagan.

Bundan tashqari, NBC telekanali Isroil rasmiylari Eron AQSH iyun oyida bombardimon qilgan yadroviy boyitish ob’ektlarini qayta tiklayotganidan xavotirda ekanini xabar qilgan. Manbalarga ko‘ra, Isroil tomoni Trampga Eronning raketa dasturiga qarshi ehtimoliy zarbalar variantlari bo‘yicha axborot taqdim etishga hozirlik ko‘rmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, shu oy boshida Eronning elit Inqilobiy Gvardiya dengiz floti Fors ko‘rfazida tashqi tahdidlarga qarshi kurashish doirasida simulyatsiya qilingan nishonlarga ballistik va qanotli (kruiz) raketalarni uchirishni o‘z ichiga olgan ikki kunlik harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron yadroviy inshootlarini katta kuch bilan qayta tiklashi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron raketa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing