Eron AQSHning Yevropadagi ob’ektlariga zarba berishni ko‘rib chiqmoqda
Olam
−
10:30 1594 2 daqiqa
AQSH Eronga qarshi harbiy harakatlarni yana kuchaytirsa, Tehron Yevropadagi Amerika ob’ektlariga zarba berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqchi. Bunda Bolgariya va Kiprdagi AQSH harbiy ob’ektlari birinchi navbatda ehtimoliy nishonlar sifatida baholanmoqda. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Nashrning Eron rahbariyatiga yaqin manbasiga ko‘ra, agar Vashington vaziyatni haddan tashqari keskinlashtirsa, Tehron “har qanday narx evaziga o‘zini himoya qiladi” va javob zarbalari geografik jihatdan Yevropa hududigacha yetib borishi mumkin.
Manbaning ta’kidlashicha, Eronning keyingi harakatlari AQSHning qarorlariga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Biroq Tehron ehtimoliy javob choralari uchun “hech qanday cheklovlar” belgilamoqchi emas.
Bu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganini tasdiqlagan. CNN ma’lumotiga ko‘ra, Tramp yuqori lavozimdagi maxsus vakillariga Eron bilan barcha aloqalarni to‘xtatishni buyurgan va Vashington strategiyasini o‘zgartirgan.
Telekanalning xabar berishicha, AQSH avval Eronni imkon qadar tezroq mag‘lub etishga qaratilgan rejadan voz kechib, bosqichma-bosqich iqtisodiy va siyosiy bosimni kuchaytirish strategiyasiga o‘tmoqda.
Tramp, shuningdek, Eronga nisbatan misli ko‘rilmagan “iqtisodiy urush va yakkalash” boshlanishini e’lon qilgan. Bu choralar Tehronga bosimni kuchaytirish va uning iqtisodiy imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga har qanday ko‘rinishda yordam beradigan davlatlar jiddiy iqtisodiy oqibatlarga duch kelishini aytgandi.
Live
Barchasi