Eron AQSHning portlarni blokada qilish tahdidiga javob qaytardi

Olam

image

Avvalroq, AQSH Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) bugun, 13 aprel kunidan boshlab Eron portlariga kirib-chiqadigan barcha kemalarga nisbatan dengiz blokadasini boshlashi haqida xabar berilgan edi. Tehron mazkur harakatlarni qaroqchilik deb baholaydi. Bu haqda Eron armiyasining “Xatam-al-Anbiya” shtabi matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Agar Fors ko‘rfazi va Ummon dengizi suvlarida Eron Islom Respublikasi portlari xavfsizligi tahdid ostida qolsa, unda Fors ko‘rfazi va Ummon dengizidagi birorta ham port xavfsiz bo‘lmaydi”, deyiladi shtab xabarida.

Qayd etilishicha, Eron Qurolli kuchlari “Fors ko‘rfazi va Ummon dengizidagi portlar xavfsizligi yo hamma uchun, yoki hech kim uchun emas, deya aniq va ravshan bayon etadi”.

Shuningdek, o‘z hududiy suvlarida suverenitetni amalga oshirish “Eron millatining tabiiy huquqi” ekani bildirilgan. Shtab vakilining so‘zlariga ko‘ra, AQSH bilan urush tugaganidan keyin ham Tehron Hormuz bo‘g‘ozi ustidan doimiy nazorat mexanizmini joriy qiladi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH va Isroil operatsiyasi boshlanganidan so‘ng, Eron dunyodagi neft, kondensat va neft mahsulotlarining 15-20 foizi, shuningdek, suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib berishning 30 foizdan ortig‘i o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi orqali savdo-sotiqni to‘xtatishini e’lon qilgan edi. Joriy yilning 11 aprel kuni Islomobodda AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar natija bermagach, AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini bloklashga buyruq berdi. Shuningdek, Tramp Amerika kuchlari bo‘g‘ozdan o‘tish uchun Eronga pul to‘lagan kemalarni qidirishi va hibsga olishini qo‘shimcha qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Eron bo‘g‘ozni minalash orqali shantaj bilan shug‘ullanmoqda, AQSH esa o‘zini shantaj qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qilishicha, AQSH harbiylari 13 aprel kuni Sharqiy vaqt bilan soat 10:00 dan boshlab Eron portlariga kiruvchi va chiquvchi barcha dengiz transporti uchun harbiy-dengiz blokadasini joriy etadi. Eron Oliy rahnamosining oliy harbiy maslahatchisi Muhsin Rizoiy bunga javoban AQSHning Hormuz bo‘g‘ozini bloklashga bo‘lgan urinishlari “muvaffaqiyatsizlikka mahkum” ekanini aytdi. U Tehron bunday qadamga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron blokada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing