Eron AQSH zarbalarini “zaif” deb hisoblagan – OAV
Olam
−
30 iyun 6912 2 daqiqa
AQSH razvedkasi Eronning ikki yuqori lavozimli rasmiysi o‘rtasida bo‘lgan maxfiy telefon suhbatini tutib olgan. Bu suhbatda ular AQSHning Eron yadroviy ob’ektlariga uyushtirgan zarbalari Tehronda kutilgandan ko‘ra “kuchsizroq va kamroq vayronkor” bo‘lganini aytgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Washington Post” nashri xabar berdi.
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, suhbat davomida eronlik rasmiylar nega bu zarbalar kutilgandek og‘ir kechmaganini tushunishga uringan. “Washington Post”ga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Trampga har kuni beriladigan maxsus brifinglar asosan shunday tutib olingan qo‘ng‘iroqlar, elektron xatlar va boshqa xabarlar asosida tuziladi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ushbu xabarni “kontekstdan yulib olingan sizib chiqish” deb atagan.
“Eronlik noma’lum rasmiylarning yuzlab fut chuqurlikdagi vayronalar ostida nima sodir bo‘lganini biladi, deb o‘ylash mutlaqo bema’ni. Ularning yadroviy dasturiga nuqta qo‘yildi”, deydi Livitt.
Amerika razvedkasining yuqori martabali vakili nashrga bergan izohida ham “ikki noma’lum eronlik o‘rtasidagi bitta qo‘ng‘iroq to‘liq razvedka manzarasini aks ettirmaydi”, deb qayd etgan. Tramp ma’muriyatining boshqa bir vakili esa “AQSH qurollari aniq kerakli joylarga yetkazildi va zaruriy effektga erishildi”, deb bayonot bergan.
Bunga qadar CNN va “The New York Times” AQSH harbiy razvedkasining maxfiy hisoboti asosida AQSHning zarbalari Eronning yadroviy dasturining asosiy qismlarini butkul yo‘q qilmagani, faqat uni bir necha oy orqaga surgani haqida xabar bergan edi.
Shundan so‘ng AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Ratkliff Eron yadroviy dasturiga “jiddiy zarar yetkazilganini” bildirgan edi. U bu xulosani “tarixan ishonchli manba”dan olingan “ishonchli razvedka ma’lumotlari”ga asoslab aytgan. Ratkliffning ta’kidlashicha, Eron yadroviy infratuzilmasini tiklash uchun “yillar kerak bo‘ladi”.
Shu bilan birga, Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) rahbari Rafael Grossi shuni tan oldiki, Eron omon qolgan yerosti ob’ektlari va mavjud uran zaxiralari yordamida yadroviy dasturini bir necha oy ichida tiklashi mumkin. Unga ko‘ra, agentlik hozirda 60 foiz darajasida boyitilgan 400 kilogrammdan ortiq uranning aynan qayerda saqlanayotganini bilmaydi. Grossi material zarbalar arafasida yashirin joyga ko‘chirilgan bo‘lishi mumkinligini inkor etmagan.
Live
Barchasi