Eron AQSH va Fors ko‘rfazi davlatlarini keskin ogohlantirdi

Olam

image

Eron AQSH uning hududiga yana zarba bersa, Fors ko‘rfazidagi muhim energetika infratuzilmalariga javob zarbalari berishdan ogohlantirdi. Bu haqda “Reuters” agentligi manbalarga tayanib xabar berdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ogohlantirish AQSH Prezidenti Donald Tramp 28 iyul kuni Eronning energetika tarmog‘i va infratuzilmasiga zarba berish bilan tahdid qilganidan keyin yuqori darajadagi diplomatik muloqotlar orqali yetkazilgan.

Manbalarning aytishicha, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Saudiya Arabistoni, Turkiya va Qatar Tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Pokiston armiyasi qo‘mondoni bilan muloqot qilgan. U Vashingtonning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilarini Trampni yangi harbiy amaliyotdan qaytarish uchun o‘z ta’siridan foydalanishga chaqirgan.

Katta mintaqaviy diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Aroqchi har qanday hujum Eronning AQSH ob’ektlari hamda Fors ko‘rfazidagi energetika inshootlariga qarshi javob choralarini ko‘rishiga olib kelishini bildirgan. Manbalardan biri Eronning xabari “aniq va ikkilanmas” bo‘lganini ta’kidlab, AQSH Eron infratuzilmasini nishonga olsa, Tehron Fors ko‘rfazidagi energetika ob’ektlari va boshqa mintaqaviy nishonlarga zarba berishini aytgan.

“Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni valiahdi Muhammad bin Salmon shundan so‘ng Donald Tramp bilan muloqot qilib, harbiy harakatlarni kechiktirish, muzokaralarga qaytish, o‘t ochishni to‘xtatish va diplomatik yechim izlashga chaqirgan.

Manbalarga ko‘ra, Qatar, Ummon va Saudiya Arabistoni ham Vashingtonni Tehron bilan muzokaralarni qayta tiklashga chaqirgan. Eron esa AQSHning yangi zarbalari “butun mintaqani olov ichiga tashlashi mumkinligi” haqida ogohlantirgan.

Agentlik suhbatlashgan eronlik rasmiylardan biriga ko‘ra, yangi hujum sodir etilsa, Tehron neft va gaz inshootlari, neftni qayta ishlash zavodlari, elektr tarmoqlari, suv ta’minoti, transport infratuzilmasi hamda neft konlarini nishonga olishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Eron bilan katta urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing