Eron AQSH bilan muzokaralarini to‘xtatishi mumkin
Olam
−
14 iyun
4306Eron Qo‘shma Shtatlar bilan ertaga, 15 iyun kuniga rejalashtirilgan yadroviy bitim bo‘yicha yangi muzokara raundini o‘tkazish masalasida hali qaror qabul qilgani yo‘q. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘iy ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Tehron Vashingtonni 13 iyunga o‘tar kechasi boshlangan Isroil hujumlariga aloqador deb hisoblaydi. Eron versiyasiga ko‘ra, Isroil bunday xavfli agressiya va mintaqada urush qo‘zg‘atishga AQSHning hamkorligi, koordinatsiyasi yoki hech bo‘lmaganda ongli roziligisiz qo‘l ura olmasdi.
“Ikkinchi tomonning harakatlari muzokaralar va muloqotni amalda ma’nosiz qilib qo‘ydi. Siz bir vaqtning o‘zida muzokaralar va o‘zaro tushunuvga erishish zarurligi haqida gapirib, boshqa tomondan esa irqchi rejimga mamlakatimizning hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish imkoniyatini bera olmaysiz”, degan Eron vakili.
U shuningdek, 15 iyun kuni muzokaralarda Eronning qatnashish masalasi haqida hozircha hech narsa deb bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Ko‘plab OAVlar esa Eron muzokaralarda ishtirok etmasligi haqida yozdi. Ammo bu Tehron tomonidan haligacha rasmiy tasdiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, AQSH va Eronning Ummon vositachiligidagi Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha muzokaralarining birinchisi 12 aprel kuni Ummon poytaxti Maskatda, ikkinchisi 19 aprel kuni Rimda, uchinchi va to‘rtinchisi 26 aprel va 11 may kuni yana Ummon poytaxtida va beshinchisi 23 may kuni yana Italiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan.
Maslahatlashuvlarda Eron delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, Amerika delegatsiyasiga esa Prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff boshchilik qildi.
Isroilning Eronga hujumi
Kecha, 13 iyun kuni Isroil Eronga qarshi zarba berishni boshladi va bu operatsiyani “Sherlar olami” deb nomladi. Zarba ob’ektlari sifatida Tehron, Natanz, shuningdek, Kirmonshoh va Xaramobod hududlari tanlangan. Hujumlarda harbiy bazalar, Eron havo hujumidan mudofaa tizimlari va Eron Islomiy inqilobiy gvardiyasi vakillari joylashgan turar joy majmualari nishonga olingan.
Isroil zarbalari oqibatida bir necha yuqori lavozimli harbiy xizmatchilar va yadroviy fiziklar yo‘q qilingan. Qolaversa, tinch aholi orasidan ham 60 kishi vafot etgani taxmin qilinmoqda.
LiveBarchasi
Dollar kursi yana oshdi.
15 iyul
Moskva yana suv ostida qoldi.
15 iyul