Eron afg‘onistonlik ayollarga yordam bermoqchi
Olam
−
26 dekabr 2022
4461“Tolibon” harakati tomonidan tuzilgan muvaqqat Afg‘oniston hukumati ayollarning oliy o‘quv yurtlarida o‘qishini to‘xtatib turish qaroridan so‘ng Eron afg‘on ayollariga universitetda ta’limni davom ettirishda yordam berishga tayyor. Bu haqda Eron Prezidentining oila va ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ensiya Xazaliy ma’lum qildi.
“Eron afg‘onistonlik ayollarga universitetda turli darajadagi ta’limni davom ettirishga yordam berishga, shuningdek, ushbu mamlakat fuqarolariga yordam berishga tayyor”, deb yozdi u o‘zining Twitter sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 dekabr kuni “Tolibon” harakati mamlakat universitetlaridan talaba qizlar uchun darslarni keyingi ogohlantirishgacha to‘xtatishni talab qildi. Buning ortidan AQSH ma’muriyati o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda Afg‘onistondagi oliy o‘quv yurtlarida qizlarning o‘qishi to‘xtatilgani munosabati bilan “Tolibon” harakatiga qarshi chora ko‘rishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.
"Tolibon"ga ko‘ra, bunday qarorga “[universitet] yotoqxonalarida ayollarning bo‘lishi va ularning viloyatlardan [o‘qish uchun] erkaklar hamrohligisiz kelishi, talaba qizlarning hijob o‘rash qoidalariga rioya qilmasligi, erkak va ayolning birgalikda o‘qishi, ba’zi fakultetlarda qizlarning o‘qitilishi islom qonunlariga zid va afg‘onlarning g‘ururiga putur yetkazishi sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi