Eron Afg‘oniston va Pokiston bilan chegarada to‘siqlar qurishni boshladi

Olam

image

Eron mamlakatning sharqiy chegaralarida xavfsizlikka tahdidlarni kamaytirish uchun to‘siqlar qurishni boshladi. Bu haqda chegara politsiyasi qo‘mondoni, brigada generali Ahmad Ali Gudarziyga tayanib, “Eghtesaad24” nashri xabar berdi.

Eron xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra,  mamlakatga kiradigan giyohvand moddalarning 80 foizi Pokiston va Afg‘oniston chegaralaridan kirib keladi. Mazkur devor yoqilg‘i va tovarlar kontrabandasi, noqonuniy migratsiyaning oldini olishga ham xizmat qiladi.

“Siston va Balujiston viloyatlari hamda Razaviy Xurosonida qurilish ishlari allaqachon boshlangan”, degan Ahmad Ali Gudarziy.

Devor qurilishi davlat tomonidan moliyalashtiriladi va hozirda asosiy sa’y-harakatlar qurilish maydonchalarini texnik tayyorlashga qaratilgan.

Shuningdek, general kelajakda Ilom, Kurdiston va G‘arbiy Ozarbayjon viloyatlarida to‘siqlar qurilishini ham aytib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, 2021 yil boshida Eron Afg‘oniston bilan chegarada shunga o‘xshash to‘siq qurishni boshlagan edi. O‘sha paytda 60 km ga yaqin devor qurilgan.

Eron birinchi marta joriy yilning yanvar oyida, Kerman va Sistan-Balujistonda sodir etilgan terrorchilik hujumlaridan so‘ng to‘siqlarni qurish haqida gapira boshlagandi. Tehrondagi rasmiylar terroristik guruhlarning qo‘shni Pokiston va Afg‘oniston hududidan kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun to‘siq qurmoqchi ekanliklarini ta’kidlagan.

Qolaversa, mahalliy ommaviy axborot vositalari ushbu tashabbus Afg‘oniston hukumati bilan ziddiyatlarni keltirib chiqargani haqida yozgan. Ular chegarani yopish faqat tomonlarning o‘zaro roziligi bilan mumkinligini eslatib, Afg‘oniston rahbariyati Eron bu qurilishni boshlanganda Kobulning fikrini so‘ramaganiga e’tibor qaratgan.

Devor qurilishi fonida Eron va Afg‘oniston o‘rtasida Hilmand daryosining suv resurslari masalasi bo‘yicha muzokaralar ham davom etmoqda. Devor qurilishi suv arteriyasidan foydalanishga va chegaraning har ikki tomonidan suv kirishiga qanday ta’sir qilishi aniq emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron harbiylari mamlakatni muhojirlarning kirib kelishidan himoya qilish uchun Afg‘oniston bilan chegarada 10 kilometrdan ortiq masofada devor qurgandi. Qayd etilishicha, Tehron afg‘on muhojirlari soni bo‘yicha rasmiy raqamlarni ochiqlamagan, biroq parlament a’zosi Abolfazl To‘rabiy ularning sonini 6 milliondan 7 milliongacha ekanini ma’lum qilgan. Hukumat so‘nggi paytlarda noqonuniy qochqinlarga nisbatan bosimni kuchaytirib, ular muntazam ravishda sharqiy chegaradan chiqarib yuborilganini ham e’lon qilgan.

Muhammad Hodiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Afg'oniston Eron Pokiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made