Eron 10 mln riallik banknotani muomalaga kiritdi
Olam
−
22 mart 4788 2 daqiqa
Eron Markaziy banki mamlakat tarixidagi eng yirik nominal – 10 million riallik (taxminan 7 AQSH dollari) banknotani muomalaga kiritdi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Markaziy bankning bildirishicha, yangi kupyura “aholining naqd pulga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash” uchun zarur. Shu bilan birga, mamlakatda elektron to‘lov tizimlari va internet-banking barqaror ishlashda davom etayotgani qayd etilgan.
“Financial Times” nashrining yozishicha, yangi banknota Eronda naqd pulga bo‘lgan keskin talab fonida muomalaga kiritilgan. Eronliklar elektron to‘lov tizimlari to‘xtab qolishidan xavfsirab, hisob raqamlaridan pul yechib olish uchun banklarda soatlab navbatda turibdi. Markaziy bank kredit tashkilotlarini yetarli miqdorda kupyuralar bilan ta’minlayotganini da’vo qilsa-da, banklar naqd pul berishga cheklovlar joriy qilmoqda.
Yangi pushti rangdagi banknotaning old tomonida Yazd shahridagi IX asrga oid jome masjidi tasviri, orqa tomonida esa 2,5 ming yillik tarixga ega Bam qal’asi aks ettirilgan. Shu haftadan banklar yangi kupyuralarni bera boshlagan, biroq ko‘plab bo‘limlar va bankomatlarda naqd pul tezda tugab qolmoqda.
Eron Markaziy banki yangi banknota aholining naqd pulga bo‘lgan ehtiyojini yengillashtirishini ta’kidlamoqda. Shunga qaramay, rasmiylar asosiy hisob-kitob vositasi sifatida hamon bank kartalari va mobil banking qolayotganini uqtirmoqda.
Urush harakatlari moliya tizimiga qo‘shimcha bosim o‘tkazgan: infratuzilmaga berilgan zarbalar aholi va biznes orasida xavotirni kuchaytirdi. Eron iqtisodiyoti bungacha ham AQSH sanksiyalari, neft tushumlarining kamayishi, yuqori inflatsiya va rialning qadrsizlanishi tufayli og‘ir ahvolda edi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 19 fevral holatiga ko‘ra, yillik inflatsiya 47,5 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi esa 105 foizni tashkil etgan.
Inqiroz fonida hukumat pul islohotini davom ettirmoqda: 2019 yildan beri yangi banknotalar o‘tish davri formatida bosilmoqda, noyabrda esa rialdan to‘rtta nolni olib tashlash haqida qonun qabul qilingan.
Ma’lumot uchun, 10 million riallik banknota chiqquniga qadar Eronning eng yirik kupyurasi 5 million rial edi. Markaziy bank uni fevral oyi boshida muomalaga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon milliy valyutani denominatsiyalash haqida farmon chiqargani haqida xabar berilgan edi. Valyuta birligi sifatida xalq orasida keng qo‘llanadigan, biroq rasmiy bo‘lmagan “tuman”ni joriy etish takliflari qo‘llab-quvvatlanmagan. Rial yuz keranga bo‘linadi – bu Eronning XIX asr va XX asrning birinchi choragida muomalada bo‘lgan tarixiy pul birligining nomi. Shu tariqa milliy valyuta to‘rtta nolni yo‘qotadi – 10 ming rial bir rialga tenglashtiriladi.
Live
Barchasi