Eron Hukumati koronavirusdan qutulishda Mirziyoyevdan yordam so‘radi
Jamiyat
−
13 mart 2020
19434Avvalroq, kecha, 12 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Eron Islom Respublikasiga insonparvarlik yordamini yuborish to‘g‘risida”gi farmoyish qabul qilingani haqida xabar bergan edik.
Vazirlar Mahkamasidan xabar qilishlaricha, Eron Islom Respublikasi hukumati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yangi koronavirus COVID-19 kasalligi tarqalishini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan tibbiy buyumlar va vositalar bilan ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan murojaat qilgan.
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan Eronning ushbu murojaatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek mazkur xavfli infeksiyaga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish maqsadida steril tibbiy qo‘lqoplar, himoya qiluvchi kombinezonlar, maxsus tibbiy formalar, niqoblar, doka, spirt, gigiyenik gellar va dori vositalari singari umumiy og‘irligi qariyb olti tonna bo‘lgan tibbiy buyumlar shaklida insonparvarlik yordami Eronga yuborilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi insonparvarlik yukini shakllantirish va yetkazib berish uchun mas’ul etib belgilangan.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning alohida ko‘rsatmasiga muvofiq, Mudofaa vazirligi tomonidan Eronga insonparvarlik yukini yetkazish uchun ajratilgan havo kemasida ayni jarayonda Eronda qolib ketgan 14 nafar yuk tashuvchi xaydovchilar, tadbirkorlar, talabalar – jami 28 nafar o‘zbekistonlik olib kelinadi. Ular va samolyot ekipaji a’zolari qaytib kelgach, belgilangan tartibda malakali shifokorlar, soha mutaxassislari nazorati ostida ikki hafta muddatda karantinda saqlanadi.
LiveBarchasi