Eron Hormuzni “kemalar qabristoni”ga aylantirish bilan tahdid qildi
Olam
−
04 may 3631 2 daqiqa
Eron Oliy rahbarining harbiy maslahatchisi Muhsin Rizoiy Vashingtonni ogohlantirib, agar AQSH bo‘g‘ozdagi dengiz blokadasini davom ettirsa, amerikalik harbiylar va kemalar “qabriston”ga aylanishini aytdi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi yozib qoldirdi.
Rizoiy avval Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga rahbarlik qilgan. U AQSHni “dunyodagi yagona qaroqchi davlat” deb atagan. Uning ta’kidlashicha, Eron “qaroqchi”ga qarshi turish imkoniyatiga ega va zarurat tug‘ilsa, harbiy kemalarni yo‘q qilishga qodir.
“AQSH aviatashuvchiga ega dunyodagi yagona qaroqchi davlat sanaladi. Bizning qaroqchilarga qarshi kurashish qobiliyatimiz harbiy kemalarni cho‘ktirish imkoniyatlarimizdan aslo qolishmaydi. Samolyotingiz qoldiqlari Isfahonda qolganidek, kemalaringiz va qo‘shinlaringiz ham qabristonga tushishiga tayyor turing”, degan Rizoiy.
Hozirda Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Xabarlarga ko‘ra, savdo kemalari harakati deyarli to‘xtab qolgan, kun davomida atigi bir necha kema harakatlangani qayd etilgan. Bu esa global energiya ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, chunki mazkur yo‘lak orqali dunyo neftining katta qismi tashiladi.
Shu fonda Eron AQSHga yangi tinchlik rejasi ham taqdim etgan. U uch bosqichdan iborat bo‘lib, avvalo o‘t ochishni to‘xtatish va xavfsizlik kafolatlarini, keyin bo‘g‘ozni boshqarish mexanizmlarini, so‘ng yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni nazarda tutadi.
Biroq AQSH Prezidenti Donald Tramp bu taklifdan qoniqmagan va rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp tashabbusi bilan Hormuz bo‘g‘ozida qolib ketgan kemalarni chiqarish operatsiyasi boshlanishi haqida xabar berilgandi. Trampning aytishicha, bu kemalar Yaqin Sharqdagi mojaroga umuman aloqador emas. Ular “oddiy, aybsiz va neytral kuzatuvchilar” bo‘lib, yuzaga kelgan vaziyat qurboniga aylangan.
Live
Barchasi