Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochadi, ammo shart bilan

Olam

image

Eron AQSH bilan ikki haftalik sulh tasdiqlanganini ma’lum qilib, shu muddatda Hormuz bo‘g‘ozining ochilishini e’lon qildi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Uning aytishicha, bu qaror bir nechta omillar fonida qabul qilingan: Pokistonning urushni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlari, AQSHning muzokaralarga tayyorligi hamda AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan Eronning 10 bandli rejasini muhokama uchun asos sifatida qabul qilishga rozilik bildirilgani.

Shu bilan birga, vazir muhim shartni ham ta’kidlagan.

“Agar Eronga qarshi hujumlar to‘xtatilsa, Eron Qurolli kuchlari ham mudofaa operatsiyalarini to‘xtatadi”, degan Aroqchi.

Unga ko‘ra, ikki hafta davomida Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar xavfsiz o‘tishi ta’minlanadi, biroq bu jarayon Eron harbiylari bilan muvofiqlashtiriladi va ma’lum texnik cheklovlar hisobga olinadi.

Qayd etish joiz, Tramp Erondan 8 aprelga o‘tar kechasi Hormuz bo‘g‘ozini ochishni talab qilgan, aks holda mamlakat infratuzilmasiga zarba berish bilan tahdid qilgan edi. Biroq muddat tugashidan oldin tomonlar vositachilar orqali muzokaralarni kuchaytirdi.

Natijada, AQSH ikki haftalik sulhga rozi bo‘ldi. Bu davr ichida tomonlar yakuniy tinchlik kelishuvini ishlab chiqishi kutilmoqda.

Ayni paytda Eron tomoni bu vaziyatni o‘z foydasiga talqin qilib, AQSHni amalda Tehron shartlariga rozi bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Eron Xavfsizlik kengashiga ko‘ra, AQSH quyidagi shartlarni qabul qilgan:

  • Agressiyadan voz kechish – AQSH Eron hududiga hujum qilmaslik majburiyatini oladi;
  • Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat – Hormuz ustidan nazorat Eronda qoladi;
  • Yadro dasturini tan olish – Eronning uran boyitish huquqi e’tirof etiladi;
  • Sanksiyalarni bekor qilish – barcha birlamchi va ikkilamchi cheklovlar olib tashlanadi;
  • Xalqaro qarorlarni bekor qilish – xalqaro tashkilotlarning rezolyutsiyalari to‘xtatiladi;
  • Kompensatsiya to‘lash – AQSH Eron ko‘rgan zararni qoplaydi;
  • AQSH qo‘shinlarini olib chiqish – Amerika harbiylari Yaqin Sharqni tark etadi;
  • Urushni to‘liq to‘xtatish – barcha frontlarda janglar yakunlanadi.

Maqola muallifi

Teglar

Eron Hormuz bo'g'ozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing