Eron Hormuz bo‘g‘ozini barcha kemalar uchun ochdi, ammo...
Olam
−
15 may 9768 2 daqiqa
Hormuz bo‘g‘ozi Eron harbiy-dengiz kuchlari bilan hamkorlik qiluvchi barcha kemalar uchun ochiq. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi “Press TV” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Bizning nuqtai nazarimizga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi barcha savdo kemalari uchun ochiq. Ammo ular bizning harbiy-dengiz kuchlarimiz bilan hamkorlik qilishi kerak”, degan Aroqchi.
5 may kuni Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini nazorat qilishning yangi tizimi joriy etilganini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, kemalar Eron hokimiyatini rasman xabardor qilishi va elektron tarzda ruxsat olishi lozim.
Nashrning yozishicha, Tehron Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni kuchaytirmoqda va uni boshqarish uchun ikki tomonlama kelishuvlar tuzmoqda. Agentlikka ko‘ra, bo‘g‘oz endi neytral tranzit yo‘lagi emas, balki nazorat qilinadigan koridorga aylanmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarida Hormuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tuvchi neft quvurlari mavjud. Biroq Iroq, Quvayt, Qatar va Bahrayn energiya resurslarini yetkazib berishda asosan shu bo‘g‘ozga bog‘liq.
Shuningdek, Qatardagi Ras-Laffan terminali dunyodagi eng yirik suyultirilgan tabiiy gaz eksport terminali ekani, u orqali yiliga taxminan 77 million tonna gaz tashilishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron AQSH bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichini boshlash uchun Vashington beshta talabni bajarishi shartligini bildirgandi. Ular orasida Eronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan suverenitet huquqini tan olish sharti ham bor.
Live
Barchasi