Eron Hind okeanida 8 mamlakat bilan harbiy mashg‘ulot boshladi
Olam
−
19 Oktabr
11462Hind okeani dengiz simpoziumi (IONS) doirasidagi “IMEX 2024” qo‘shma dengiz mashqlari Fors ko‘rfazidagi Eron hududiy suvlarida boshlandi va unda bir qator davlatlarning turli bo‘linmalari hamda kuzatuvchilari ishtirok etmoqda. Bu haqda “Press TV” xabar berdi.
Qo‘shma dengiz mashqlari matbuot kotibi, kontr-admiral Mustafo Tojiddiniyning ma’lum qilishicha, mashqlarda Eron Islom Respublikasi Dengiz floti, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi dengiz kuchlari, Eron qonunchilik himoyasi qo‘mondonligi va Eron portlari hamda dengiz tashkiloti ishtirok etmoqda. Mashqlar bugun, 19 oktyabr kuni Eron dengiz floti birinchi dengiz hududida – janubiy port shahri Bandar Abbosda boshlangan.
Tojiddiniyning qo‘shimcha qilishicha, Bangladesh, Hindiston, Ummon, Pokiston, Qatar, Rossiya, Saudiya Arabistoni va Tailand kabi bir necha xorijiy davlatlarning dengiz kuchlari o‘zlarining eronlik hamkasblari bilan birgalikda mashqlarda qatnashmoqda.
Bundan tashqari, “IMEX 2024” qo‘shma dengiz mashqlari doirasida ixtisoslashtirilgan uchrashuvlar va seminarlar o‘tkaziladi. Mashqlarda yong‘in nazorati, qidiruv va qutqaruv operatsiyalari, shuningdek, neft mahsulotlarining oqib ketishini bartaraf etish va tozalash metodlarini ko‘rsatib berish rejalashtirilgan.
Hind okeani dengiz simpoziumi 2008 yilda Hindiston dengiz floti tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, noan’anaviy va uyushgan xavfsizlik muammolariga qarshi kurashishda hamkorlikni oshirish maqsadini ko‘zlaydi.
Ma’lumot uchun, IONS 24 ta Hind okeaniga chegaradosh davlatlarni qamrab oladi va har ikki yilda ko‘p tomonlama uchrashuvlar hamda dengiz mashqlarini tashkil etadi. Mazkur tashabbus dengiz xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni oshirish, mintaqaviy dengiz muammolarini muhokama qilish va do‘stlik munosabatlarini targ‘ib qilish uchun forum sifatida xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Litvaning Belarus bilan chegarasi yaqinida joylashgan Pabrade shahridagi general Silvestras Jukauskas nomidagi poligonda Samogitiya piyodalar brigadasi tomonidan tashkil etilgan Brave Griffin 2024/2 xalqaro harbiy mashg‘ulotlari boshlanishi xabar qilingan edi. Ushbu mashg‘ulotlarga AQSH, Buyuk Britaniya va Polshadan 2,5 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar hamda 250 ta texnika jalb etilishi belgilangan.
LiveBarchasi