Eron harbiy bazalarimizga raketa otish uchun bizdan ruxsat so‘ragan – Tramp (video)
Olam
−
07 noyabr 2023
17581AQSHning sobiq prezidenti Tramp Eron haqida ilgari hech qachon aytmagan hikoyasini ko‘pchilik bilan bo‘lishdi. Bu haqda u Texasdagi saylovoldi chiqishida so‘z ochdi.
“Eronliklar bizga qo‘ng‘iroq qilib, bizni to‘g‘ri tushuning, boshqa ilojimiz yo‘q, biz sizga zarba berishimiz kerak, chunki o‘zimizga yarasha obro‘yimiz bor, deb qoldi. Men ham ularni tushundim. Biz Eronga zarba berdik, ular esa ko‘pchilikka sharmanda bo‘lmasliklari uchun nimadir qilishlari kerak edi", deydi Tramp.
Uning aytishicha, o‘shanda AQSH ma’muriyati ma’lum harbiy bazalariga 18 ta raketa uchirishlariga rozi bo‘lgan.
"O‘sha kechani eslayman: "mushakbozlik"ka boy, ajoyib kecha bo‘lgan. O‘sha kuni men mutlaqo asabiylashmagan yagona odam edim, chunki men nima bo‘lishini oldindan bilardim. Axir, ular bizga xavotir olmang, harbiy bazangizga 18 ta raketa uchiramiz, ammo ularning hech biri mo‘ljalga tegmaydi, deb va’da bergandi", deydi sobiq prezident.
Trampning ishontirishicha, Eron otgan raketalar aslida juda aniq yo‘naltiriladigan qurollar bo‘lgan.
"Ular hech qachon nishondan adashmaydigan raketalar edi. Juda ishonchli va nishonni juda aniq topuvchi raketalar”, deydi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 3 yanvar kuni Eronning Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) maxsus “Quds” bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniy Bag‘dod aeroportida AQSH havo hujumi natijasida o‘ldirilgandi. Shundan so‘ng, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy qarama qarshilik qurolli to‘qnashuvga aylanish xavfi yuzaga kelgandi.
Xususan, Iroqdagi AQSH elchixonasi oldiga bir necha bor raketa tushgan. Bundan tashqari, Eron Iroqdagi AQSH harbiy bazalarini bombardimon qilgandi.
Shuningdek, Eron Oliy rahbari Ali Homanaiyning saytida general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun qasos olish maqsadida Amerika harbiy bazalariga dron bilan zarba beruvchi animatsion video e’lon qilingandi.
LiveBarchasi