Eron ham Isroilga Iroq hududidan zarba bermoqchi
Olam
−
01 noyabr
5689Eron yahudiy davlati tomonidan yaqinda amalga oshirilgan hujumga javoban Iroq hududidan jiddiy zarba bermoqchi. Bu haqda Isroil razvedkasiga tayanib, “Axios” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Tehron AQSHda 5 noyabrga belgilangan prezidentlik saylovlari oldidan ko‘plab dronlar va ballistik raketalar yordamida operatsiyani amalga oshirishi mumkin. Eron zarbani Iroq hududidan amalga oshirishni tanlagani esa o‘zining strategik ob’ektlariga nisbatan yangi Isroil hujumidan qochishga urinish sifatida talqin qilinmoqda.
Nashrning AQSH ma’muriyatidagi bir manbasiga ko‘ra, ular eronlik rasmiylar tomonidan yaqin orada zarba berish bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilingani haqida ma’lumotga ega emas.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 oktyabr kuni Isroil Eronning 1 oktyabrdagi hujumlariga javoban mamlakat hududidagi harbiy ob’ektlarga zarba bergan edi. Eron Islom Respublikasi havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari bayonotiga ko‘ra, hujum Eronning Ilom, Tehron va Huziston viloyatlaridagi harbiy ob’ektlarga qaratilgan, ammo zarar cheklangan darajada qolgan, shuningdek, havo mudofaa tizimlari asosiy zarbani muvaffaqiyatli qaytargan. Isroil zarbalari oqibatida kamida to‘rt eronlik harbiy xizmatchi va bir tinch aholi vakili halok bo‘lgan.
Shuningdek, Eron Qurolli kuchlari bosh shtabi Isroil Eronga zarba berish uchun AQSH armiyasi nazorati ostidagi Iroq hududidan foydalanganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi