Erkak yakuniy bosqichdagi saraton bilan 40 yil yashadi

Salomatlik

image

Gretsiyalik erkak Stamatis Moraitis o‘pkaning yakuniy bosqichdagi saratoni bilan 40 yil umr ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda kecha, 16 yanvar kuni “Daily Express” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashagan, kelib chiqishi gretsiyalik bo‘lgan Stamatis Moraitis bundan 40 yil avval o‘pka saratoniga chalingan. O‘sha paytda shifokorlar unga ko‘pi bilan yarim yil umri qolganini aytgan, biroq bu prognoz amalga oshmagan. Tashxisdan so‘ng Moraitis vatani – aholisi uzoq umr ko‘rishi bilan mashhur bo‘lgan Ikariya oroliga qaytishga qaror qilgan.

“Davolab bo‘lmaydigan o‘pka saratoni tashxisi qo‘yilib, bir necha oy umri qolgani aytilgan inson o‘zi tug‘ilgan chekka orolga qaytish qarorini qabul qilgach, qariyb 40 yil umr ko‘rdi”, deyiladi xabarda.

Shifokorlar unga taxminan 60 yoshlarida og‘ir tashxis qo‘ygan va mutaxassislar organizmidagi o‘smalar davolanmasligini tasdiqlagan. Shundan so‘ng bemor davolanishdan voz kechib, Ikariyaga yo‘l olgan.

Orolga ko‘chib borgach, Moraitisning ahvoli asta-sekin yaxshilana boshlagan. U yana jismoniy mehnatga qaytib, sabzavot yetishtirgan, uzumzorlarga qaragan. Ko‘p vaqtini do‘stlari bilan o‘tkazgan va sokin, muvozanatli hayot kechirgan. Yillar o‘tib, u sog‘lig‘i qanday yaxshilangani sababini aniqlash uchun AQSHga qaytishga qaror qilgan. Biroq u qaytgach, unga tashxis qo‘ygan shifokorlar vafot etganini bilgan.

Ushbu voqea tadqiqotchilarning e’tiborini tortgan. “National Geographic” eksperti, “ko‘k zonalar” (dunyoda odamlar o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha uzoq yashaydigan hududlar) fenomenini o‘rgangan Den Byutnerning fikricha, Moraitis ahvolining yaxshilanishiga stress darajasining keskin kamayishi va turmush tarzining o‘zgarishi sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tibbiyot sohasidagi yutuqlar va xavf omillarini kamaytirishga qaratilgan sa’y harakatlarga qaramay, butun dunyo bo‘ylab saraton kasalligidan o‘lim soni keyingi 25 yil ichida qariyb 75 foizga oshishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

saraton Stamatis Moraitis

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing