Erik ten Xag Ronalduning “United”dagi taqdirini hal qildi
Sport
−
07 may 2022
8611"Manchester United"ning bo‘lajak bosh murabbiyi Erik ten Xag hujumchi Krishtianu Ronalduning jamoada qolishini istamoqda. Bu haqda “The Sun” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, niderlandiyalik mutaxassis Angliya Premer ligasining 36-turidan o‘rin olgan "Brentford"ga qarshi o‘yinda Ronalduning namoyish qilgan futbolidan rohatlangan. Shuning uchun, Ten Xag portugaliyalik superyulduzni jamoada olib qolishni astoydil xohlamoqda.
Manbaning qayd etishicha, “Manchester United” uchun o‘ta omadsiz o‘tgan mavsumda ham 37 yoshli “qariya” hujumchi gollar urishdan to‘xtamadi. Shu sababli Ronaldu “qizil iblislar” safida qolishga munosibdir.
Portugaliyalik futbolchining o‘zi ham jamoada qolishni istaydi. Biroq unga asosiy tarkibdan joy kafolatlanishi kerak. Bunday bo‘lmagan taqdirda Ronaldu “United”ni tark etadi.
Eslatib o‘tamiz, Erik ten Xag joriy mavsum yakunida "Manchester United"ning boshqaruvini qabul qilib oladi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy mavsumda Ronaldu Angliya Premer ligasida 29 ta o‘yinda maydonga tushib, 18 ta gol urdi va 3 ta golga assistentlik qildi. Shuningdek, portugaliyalik iqtidor egasi UEFA Chempionlar ligasining 7 ta o‘yinida 6 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi